TATUni bitirgan mutaxassis o‘qituvchilik qilish uchun o‘z yo‘nalishi bo‘yicha malaka oshirishi shart
Shu yil 3 oktyabrda zarnews.uz saytida berilgan “Savol bizdan – javob kimdan?: To‘rt yil TATUda o‘qib, maktabda dars berish mumkin emasmi?” mavzusidagi xabarga Samarqand shahar xalq ta’limi bo‘limi munosabat bildirdi.
Unda, xususan, shunday deyiladi:
"O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunida malaka - shaxsning kasbiy faoliyatning muayyan turini bajarishga tayyorgarligini ifodalaydigan, ma’lumot to‘g‘risidagi tegishli hujjat bilan tasdiqlanadigan bilim, qobiliyat, mahorat va ko‘nikmalar darajasi sifatida tavsiflanadi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 16 avgustdagi 343-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oliy ta’limning davlat standartlariga ko‘ra, “Informatika va axborot texnologiyalari” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bakalavr kasbiy faoliyatining ob’yektlari sifatida quyidagilar: hisoblash mashinalari, komplekslari, tizimlari va tarmoqlari, avtomatlashtirilgan va kompyuter tizimlarining axborot va dasturiy ta’minotning rivojlantirish asoslari, yuksak unumdorlikka ega hisoblash mashinalari, komplekslari, tizimlari va tarmoqlari, avtomatlashtirilgan va kompyuter tizimlarini tashkil etish va boshqarish, kompyuter tizimlari servis xizmatining raqobatbardoshligi, ishlab chiqarilgan dasturiy tizimlar va vositalarni amalga oshirish va takomillashtirish, sun’iy intellekt va intellektual tizimlar, murakkab tizimlarni loyihalash ko‘rsatib o‘tilgan.
Shuningdek, Xalq ta’limi vazirining 2019 yil 7 dekabrdagi 393-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Xalq ta’limi xodimlari asosiy lavozimlari malaka tavsiflari”ga ko‘ra, umumiy o‘rta ta’lim maktabi (maktab-internat) o‘qituvchisi lavozimining malaka tavsiflarida fan o‘qituvchisi uchun fan yo‘nalishiga to‘g‘ri keluvchi kamida bakalavr darajasidagi oliy pedagogik ma’lumot yoki kamida bakalavr darajasidagi oliy ma’lumot va fan yo‘nalishiga to‘g‘ri keluvchi dars berish huquqi bilan kasbiy qayta tayyorlov kursini tugatganligi yoxud fan yo‘nalishi (xususiyati)ga to‘g‘ri keluvchi kamida bakalavr darajasidagi oliy ma’lumot va pedagogik faoliyat yuritish huquqi bilan qayta tayyorlov kursini tugatganligi malaka talablari belgilangan.
Shu sababli, amaldagi ta’lim to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablari doirasida, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida fan o‘qituvchisi lavozimida ishlamoqchi bo‘lgan, bakalavr darajasidagi oliy ma’lumotli nomutaxassis yoki nopedagog xodimlarga fan yo‘nalishiga to‘g‘ri keluvchi dars berish huquqi bilan kasbiy qayta tayyorlov kursini yoxud pedagogik faoliyat yuritish huquqi bilan qayta tayyorlov kursini tugatgan bo‘lishlari talab qilinadi".