Tibbiy madaniyatni shahardan kelib o‘rgatish shartmi?
Negadir shifokorlarning maslahatlarini jon qulog‘imiz bilan eshitamiz-u, unga amal qilishga kelganda erinchoqlik qilamiz. Qachonki dard zo‘rlik qilib, boshimiz yostiqqa tegsa, ularga murojaat qilamiz. Vaholanki, bir necha kun oldin kasallik o‘zi haqida belgi berganida unga e’tibor qilmaganmiz. Kerakli choralarni ko‘rmaganmiz.
Aslida sog‘lom turmush tarziga rioya qilgan, tibbiy madaniyati shakllangan kishilar turli xastaliklardan yiroq bo‘ladi. Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, sog‘lom turmush kechirish va uzoq umr ko‘rishning 50-55 foizi insonning hayot tarziga, 20 foizi atrof-muhitga, 20 foizi irsiyatga va 8-10 foizi tibbiyotga bog‘liq ekan. Demak, uzoq va salomat yashashning asosiy sharti – tibbiy madaniyat va sog‘lom turmush tarziga rioya etishdir.
Bugun aholi o‘rtasida tibbiy madaniyatni yuksaltirish, ularni sportga jalb etish orqali sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish asosiy vazifaga aylangan. Jumladan, ta’lim-tarbiya muassasalarida sanitariya-gigiyena qoidalariga oid tushunchalar berish, zararli odatlarning oldini olish, reproduktiv salomatlik, o‘smirlik davrining ruhiyat muammolari yuzasidan zarur ko‘nikmalarni shakllantirishga e’tibor qaratilmoqda. Biroq hali bu boradagi ishlarni talab darajasida, deyish mushkul. Chunki ayrim yoshlarning sog‘lom turmush tarzi tushunchasidan yetarlicha xabardor emasligi bois turli kasalliklar, uning og‘ir asoratlari va nogironlikni keltirib chiqarish holatlari hamon uchrayotgani achchiq haqiqat.
Xizmat yuzasidan tumanlarga borganda qishloqda yashovchi aholi xonadonlarida bo‘lishimizga to‘g‘ri keladi. Ayrim hovlilarga kirganimizda birinchi galda hovlining bir chetiga uyib qo‘yilgan turli maishiy va qurilish chiqindilariga ko‘zimiz tushadi. Aksariyat uylarda sog‘lom turmush tarzining asosi bo‘lgan oshxona va hammom yo‘q. Ichimlik suv oladigan qo‘lbola "bosma" kranlar molxona va hojatxona yaqinida o‘rnatilgan. Ko‘pchiligidan nega bunday qilib qurilgan, deb so‘rasak, chorva mollarni sug‘orishga qulay bo‘lishi uchun, degan javobni eshitamiz. Nahotki, ular bu qo‘lbola kranlar yaqin atrofdagi yer ostidan barcha suvlar qatori hojatxonaning iflos suvini ham ichimlik suviga qo‘shib, tortib olishini bilishmasa?
Ko‘z yumib bo‘lmaydigan yana bir muammo – aksariyat uylarda oshxona (ba’zida uning vazifasini dahlizlar bajaradi)dan chiqqan yuvindi va mag‘zavani maxsus o‘ralar yo‘qligi sabab, hovliga to‘kishadi. Kunlar isiy boshlagach esa ular havoga ko‘tarilib turli mikrob va viruslar tarqatadi. Bu esa turli yuqumli kasalliklarning rivojlanishiga olib keladi.
Bu haqda mahalla va qishloqlarda malakali mutaxassislar tashkil etayotgan uchrashuvlar, targ‘ibot tadbirlarida bot-bot aytilayotganiga qaramay ahvol o‘zgargani yo‘q. To‘g‘ri, hozir hammaning ham uyida toza ichimlik suv bo‘lmasligi mumkin. Ammo suvni qaynatib, so‘ng iste’molga ishlatsa bo‘ladi-ku.
So‘nggi paytlarda respublika, viloyatlarning yetakchi ilmiy-tadqiqot va tibbiyot institutlari olimlari, tibbiyot markazlarining shifokor-mutaxassislari mahalla va qishloqlarga borib, xonadonma-xonadon yurib, aholining yashash sharoitini, tibbiy madaniyatini o‘rganmoqda. To‘g‘rirog‘i, o‘rgatishmoqda. Demak, sog‘lom turmush tarzining u yoki bu yo‘nalishiga rioya qilishimizga qarab, tibbiy madaniyatimiz qay darajada ekanligi to‘g‘risida xulosa chiqarish mumkin. Chunki bu qoidalarga rioya qilish uchun ular haqida yetarli ma’lumot, bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lish talab etiladi.
Shu o‘rinda tibbiy madaniyat va sog‘lom turmush tarzi o‘zi nima, degan savol tug‘iladi.
– Tibbiy madaniyat bu – inson o‘z salomatligini o‘zi asrashi, nafaqat o‘zining, balki oila a’zolarining ham salomatligiga mas’uliyatli bo‘lish, turli xavfli kasalliklardan saqlanish, ham jismonan, ham ma’nan barkamol bo‘lib kamol topishida zarur bo‘lgan tibbiy bilimlardan xabardorlik va ularga amal qilishidir, – deydi Samarqand davlat tibbiyot instituti 1-klinik kasalxonasi bosh vrachi Nurmamat Abdullayev. – Soddaroq qilib aytganda, shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilish, ozodalik, atrof-muhit tozaligining ahamiyatini anglash va jamiyat salomatligini saqlashga qaratilgan harakatlardan xabardor bo‘lish demakdir. Sog‘lom turmush tarzi esa faol mehnat, to‘g‘ri ovqatlanish, kuchli jismoniy va ruhiy holat, o‘ta xavfli va zararli ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni yenga oladigan, yetuklikka intiluvchan shaxsning shakllanish jarayonidir. Ya’ni, inson yoshligidan yaxshi odat-ko‘nikmalarga amal qilishi, zararli odatlardan voz kechishi, ratsional ovqatlanishi, sport, badantarbiya bilan muntazam shug‘ullanishi hamda dam olish, ish tartibini to‘g‘ri tashkil qilishi, shuningdek, atrof-muhitning yashash uchun xavfsiz va qulay bo‘lishiga erishish sog‘lom turmush tarziga rioya etish hisoblanadi.
Insonning o‘z salomatligiga qanday yondashishi bevosita uning savodxonlik darajasiga bog‘liq. Uni amalga oshirishga katta mablag‘ sarflash shart emas.
Dilmurod TO‘XTAYEV.