Tibbiyot texnikumi o‘quvchilari uchun yangi qo‘llanma

Lotin tili o‘lik til bo‘lgani uchun qancha vaqt o‘tsa-da o‘zgarmaydi. Bu esa xalqaro miqyosda aniq va tushunarli terminologiyani saqlab qolishga yordam beradi. Tibbiyotda esa ko‘plab anatomik tuzilmalar, kasalliklar, dorilar va tibbiy jarayonlar lotincha nomlarga ega. Shu sababli, lotin tili tibbiyotda muhim o‘rin tutadi.

Shu jihatdan tibbiy ta’limdagi lotin tili va tibbiy terminologiyalarga ega bo‘lgan qo‘llanma, o‘quv qo‘llanma va darsliklar ham muhim ahamiyatga ega. Shu bois ana shunday kitob - Muhiddin Boliyevning “Lotin tili va tibbiy terminologiya” o‘quv qo‘llanmasi qayta nashrdan chiqdi.

Tibbiyot texnikumi o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan ushbu kitob taqdimoti Paxtachi tumanidagi Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda mutaxassislar kitob va uning mazmun-mohiyati haqida gapirdi.

Taqdimot buyuk mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi tadbirlariga ulanib ketdi va unda faol ishtirok etgan, berilgan savollarga to‘g‘ri javob qaytargan o‘quvchilarga muallif tomonidan kitob sovg‘a qilindi.

Shuningdek, texnikumning axborot-resurs markaziga 100 dona kitoblar jamlanmasi taqdim etildi. Xuddi shunday tadbir Kattaqo‘rg‘on jamoat salomatligi texnikumida ham o‘tkazildi.

SamDTU axborot xizmati.