Tijorat banklari 21 nafar o‘quvchiga saxovat ko‘rsatdi

Xayr-saxovat, mehr-oqibat ko‘rsatish, o‘ksik ko‘ngillarni shod etish  xalqimizning ongiga singib ketgan. Bunday ezgu ishdan Markaziy bankning viloyat bosh boshqarmasi, viloyatimizdagi tijorat banklari ham chetda qolmadi. Moliya muassasalari korporativ bayram tadbirlarini o‘tkazmasdan, tejalgan mablag‘lar hisobidan 1-mehribonlik uyining 2021 yilda mustaqil hayotga qadam qo‘yadigan 21 nafar o‘quvchisini qo‘llab-quvvatlash uchun xayr-saxovat ishlarini amalga oshirdi.

Jumladan, Samarqand shahridagi kasb-hunarga o‘qitish markazida mehribonlik uyi o‘quvchilarini kasb-hunarga o‘qitish uchun 60 million so‘m mablag‘ o‘tkazildi. Ushbu mablag‘ hisobidan 3 dona tikuv mashinasi, 3 dona elektr pech olib berildi. Bitiruvchilarning nomiga bankda muddatli omonat hisob-varaqlari ochilib, har biriga 1 million so‘mdan kirim qilindi.

Endi bitiruvchilar kasb-hunarga o‘qitish markazida axborot texnologiyalari, avtomobillarni ta’mirlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish, elektronika, chilangarlik ishlari, kompyuter grafikasi va multimedia tizimlari kabi yo‘nalishlardan birini tanlab, kasb-hunar o‘rganadi. Ularga o‘rgangan kasbi bo‘yicha mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi davlat namunasidagi diplom beriladi.

Qo‘shimcha ravishda mehribonlik uyida tarbiya olayotgan qizlar tikuvchilik va qandolatchilik bo‘yicha o‘z mahoratlarini oshiradi.

Kelgusida ular safida o‘rgangan kasbi bo‘yicha tadbirkorlik faoliyatini boshlash niyatida bo‘lganlarga kreditlar ajratiladi.

Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi axborot xizmati.