Tilga e’tibor oiladan boshlanadi
Qo‘shrabot tumanidagi Zarkent shaharchasi “Konchi” madaniyat uyida davlat tili kuniga bag‘ishlangan tadbirda Janubiy kon boshqarmasiga qarashli korxonalar ishchi-xodimlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir va jurnalist Yor Muhammad, filologiya fanlari nomzodlari Tolib Jo‘rayev va Shavkat Muhammadiyev, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qo‘shrabot tuman bo‘linmasi rahbari Shavkat Ziyodinov mamlakatimizda davlat tiliga bo‘lgan e’tibor, uni o‘qitish va o‘rganishdagi ayrim muammolar xususida so‘z yuritdi.
– Dunyoda 5621 ta til va sheva mavjud bo‘lib, ayni paytgacha ulardan 500 tasi o‘rganilgan, xolos. Har uch tildan bittasining yozuvi bo‘lmay, ular faqat og‘zaki nutq shakliga ega, - dedi Tolib Jo‘rayev. – Dunyo tillaridan faqat 40 tasigina og‘zaki va yozma jihatdan mukammal bo‘lib, ular orasida o‘zbek tili ham bor. Hozirda sayyoramizda qariyb 60 million odam o‘zbek tilida muloqot qiladi.
– Tilga e’tibor, eng avvalo, oiladan boshlanadi, – dedi Yor Muhammad. –Farzandlarimizning tiliga e’tibor berish, bu ularning axloqiy tarbiyasi, madaniyati, ma’naviyatiga e’tibor berish demakdir.
Tadbir yakunida Janubiy kon boshqarmasi xodimlariga samarqandlik ijodkorlarning kitoblari jamlanmasi topshirildi.
Islom BOBOQULOV.