TIV Uxandan qaytib kelgan talabalarni zudlik bilan aloqaga chiqishlarini so‘ramoqda

O‘zbekistonning Pekin shahridagi Elchixonasi va Shanxay shahridagi Bosh konsulxonasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yil 25 yanvar kuni koronavirus tarqalishi sababli Xitoy hukumati mamlakatning 1,2 milliard kishi istiqomat qiladigan 25 ta provinsiyasi, markazga bo‘ysunadigan shaharlar va maxsus ma’muriy hududlarda sog‘liqni saqlash bo‘yicha eng yuqori darajadagi favqulodda vaziyatni joriy etdi. Bu haqda TIV ma’lum qilmoqda.

Xubey provinsiyasining 15 dan ortiq shaharlarida maxsus karantin choralari joriy etilgan: transport vaqtincha to‘xtatilgan, vokzallar va aeroportlar ishlamayapti. Pekin shahrida 30 dan ortiq kishi ushbu kasallikni yuqtirgan bo‘lib, u yerda aksar diqqatga sazovor joylar, teatrlar, muzeylar, shu jumladan, taqiqlangan shahar yopilgan.

Elchixona Xitoyda bo‘lib turgan yoki mamlakatga turizm va boshqa maqsadlar uchun tashrif buyurmoqchi bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolariga barcha xavf-xatarlarni inobatga olish va barcha ehtiyot choralarini ko‘rishni tavsiya qiladi.

Elchixona yanvar oyida Uxandan vatanga qaytib kelgan o‘zbekistonlik talabalarni zudlik bilan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi bilan +998909882330 (direktor o‘rinbosari B.Qurbonov), +998972755074 (bosh mutaxassis F.Qurbonbekov) telefon raqamlari orqali bog‘lanishni qat’iy tavsiya qiladi.

Tashqi ishlar vazirligi Xitoy hududidagi O‘zbekiston fuqarolariga zarur holatlarda istalgan vaqtda mamlakatimizning Pekin shahridagi Elchixonasiga (tel.: +86 135-1102-4242 Bobur Yaxyayev, +86 139 1175-4476 Shuxrat Umirov) hamda Shanxay shahridagi Bosh konsulxonasiga (tel.:+86 131-2255-5772, Aziz Ulug‘bekov) murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tadi.