Tojsimon virus uzoq masofalarga havo orqali tarqalishi mumkinmi? Virus bo‘yicha muhim 4 savolga javob
«Koronavirusinfo» kanali Koronavirusga oid ayrim kerakli savol-javoblarni taqdim etdi.
1.Tanaga spirt yoki xlor purkash tojsimon virusni yo‘q qila oladimi?
Yo‘q, tanaga spirt va xlorni purkamaslik kerak. Ular tanaga kirgan viruslarni yo‘q qila olmaydi. Aksincha, ulardan foydalanish kiyim, ko‘z va og‘iz uchun zararli bo‘lishi mumkin. Spirt va xlordan foydalanish tavsiya etilgan o‘rinlarda qo‘llanilsa, spirt yuzalarni dezinfeksiyalash uchun foydali bo‘ladi.
2. Tojsimon virus uzoq masofalarga havo orqali tarqalishi mumkinmi?
Yo‘q, tojsimon virus uzoq masofalarga havo orqali tarqalmaydi. Bu virus asosan yo‘talgan yoki aksirgan paytda kasal odamning og‘zidan yoki burnidan sachragan tomchilar orqali yuqadi. Bu tomchilar og‘ir bo‘lgani uchun havo orqali uzoq masofalarga yetib borishi mumkin emas. Lekin o‘sha yo‘tal yoki aksa urishdan sachragan tomchilar tekkan sirtga yoki narsaga tegib, keyin qo‘lini ko‘zga, og‘izga yoki burunga tekkizgan odamga ham yuqishi mumkin. Shuning uchun qo‘llarni spirtli vositalarda tez-tez tozalash yoki ularni sovun bilan yuvib turish kerak.
3. Ishlatilgan niqoblarni qayta ishlatish mumkinmi? Niqoblarni qo‘lni dezinfeksiyalash vositasi bilan dezinfeksiya qilish mumkinmi?
Yo‘q, ishlatilgan niqoblarni qayta ishlatish yoki ishlatilgandan keyin dezinfeksiyalash mumkin emas. Nafas yo‘li yuqumli kasallikka chalingan, jumladan, tojsimon virus yuqtirib olgan kishi bilan muloqotda bo‘lsangiz, niqobning tashqi tarafiga infeksiya tushgan bo‘ladi. Shuning uchun niqobning o‘sha tashqi tarafiga qo‘l tekkizmay turib, undan xalos bo‘lish kerak. Niqobni yechgandan keyin qo‘llarni spirt bilan ishqalash yoki sovunlab yuvish shart.
4. Homilador ayollar tojsimon virus infeksiyasiga ko‘proq moyil bo‘ladimi yoki infeksiya asoratlari ularga ko‘proq ta’sir qiladimi?
Homilador ayollarning tojsimon virusga chalinish ehtimoli ko‘proq ekani yoki infeksiya asoratlariga ko‘proq moyil ekani haqida aniq tasdiqlangan ilmiy-tadqiqotlar xulosasi yo‘q. Lekin umuman olganda, homilador ayollarda immunitet biroz pasayishi yoki boshqa fiziologik o‘zgarishlar kuzatiladi. Oqibatda ular nafas yo‘llari infeksiyasiga nisbatan ko‘proq zaiflashib qolishi mumkin. Shuning uchun gigiyena qoidalariga amal qilgan holda bu virusning ularga yuqishidan ehtiyot bo‘lish kerak. Qo‘llarni doim yuvib yurish, kasallanganlardan chetlanish kerak.