Tomchilatib sug‘orish hosildorlikni qanchaga oshiradi?

Hozirda viloyatimizdagi 16 ming 848 gektar yer maydonda, ya’ni 4 ming 40 gektar paxta, 10 ming 639 gektar bog‘, 814 gektar tok, 941 gektar yong‘oq, 418 gektar poliz-sabzavot ekinlari tejamkor innovatsion texnologiyalar yordamida sug‘orilmoqda.

Jumladan, Ishtixon tumanida 2 ming 589,5 gektar, Samarqand tumanida 2 ming 117,2 gektar, Bulung‘urda 1 ming 872 gektar, Oqdaryoda 1 ming 490,5 gektar maydondagi qishloq xo‘jaligi ekinlarini tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasi qo‘llanilyapti. 

  Ishtixon tumanidagi “Maroqand Sifat Texstil” agroklasteri qoshidagi “Ishtixon oltin yerlari” fermer xo‘jaligi esa 2 ming 45 gektar maydondagi g‘o‘zani shu usulda sug‘ormoqda. Isroil, Turkiya, Germaniyadan keltirilgan suv tejamkor markaziy uskunalar xo‘jalikning 6 hududiga o‘rnatilgan.

- Avval bu maydonlar iqtisodiy samarasizligidan har gektardan o‘rtacha 10-15 sentnerdan hosil olingan bo‘lsa, endi hosildorlik gektariga 35-40 sentnerga yetdi, - deydi “Maroqand Sifat Texstil” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Ahad Karimov. - Joriy yil g‘o‘zaning “S-8286”, “Buxoro-102” navlari ekilib, tomchilatib sug‘orish orqali parvarishlanmoqda. Bu usulda suv odatdagiga nisbatan 40-45 foizga tejaladi. Kimyoviy o‘g‘itlar markazlashgan holda g‘o‘zaning ildiziga yuboriladi.

Bundan tashqari, oddiy usulda paxta xomashyosi yetishtirilganda mavsum davomida kamida 12-15 marta kultivatsiya qilinsa, tomchilatib sug‘orishda bu xarajat keskin kamayadi. Odatiy usulda har 5 gektarga bitta suvchi biriktirilsa, bu texnologiya orqali bir nafar suvchi 30 gektar maydonni sug‘oradi.

Joriy yilda viloyat bo‘yicha 4 ming 788 gektar, shundan 2 ming 200 gektar paxta maydoni, 1616 gektar bog‘ zamonaviy suv tejamkor texnologiyalar yordamida tomchilatib va tuproq ostidan sug‘orish texnologiyalari joriy etilishi rejalashtirilgan.

Abduvali XUDOYoROV,

inspeksiyaning viloyat boshqarmasi

bosh inspektori.