Tomorqa shunchaki ekin maydoni emas

Jamshid O‘ROQOV, Samarqand viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari:

- Tomorqa nima uchun beriladi? Ishlatish, bu orqali ham o‘ziga, ham davlatga naf keltirishi uchun! Odamlar ishli bo‘lsin, ro‘zg‘orini obod qilsin, daromad olsin, deb berilgan. Tomorqalardan samarali foydalanish esa yurtimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, bozorda narx-navoni barqaror ushlab turish va aholining turmush darajasini oshirishga xizmat qiladi. Bugun tomorqaga alohida e’tibor qaratilayotgani boisi ham shunda.

Viloyatimizda tomorqasida yiliga uch-to‘rt marta hosil olayotgan, issiqxonalar barpo qilib, nafaqat oilasi dasturxoni, balki bozor to‘kin-sochinligini ta’minlayotgan kishilar ko‘p. Lekin, shu bilan birga, yerning umrini behuda o‘tkazib, tomorqasiga qaramayotgan odamlar ham yo‘q emas. Joylarga chiqib, kuzatganimizda haligacha g‘aflat uyqusidan uyg‘onmagan oilalar borligiga, ular hovli-joylarini tartibga keltirish, ko‘chat o‘tqazish, ekin ekish ishlariga kirishmaganligiga guvoh bo‘ldik.

Kishilarning uy-joyi o‘zining shaxsiy mulki, ammo yer davlatniki. Undan maqsadli foydalanishga har bir inson burchli. Tomorqani o‘z holiga tashlab qo‘yish, biror ekin ekmaslik uchun javobgarlik bor.

Bugun tomorqa yumushlariga kirishish, atrofni obodonlashtirish yurtparvarman, oilaparvarman, degan kishining asosiy yumushi bo‘lishi kerak. Chunki tomorqa shunchaki ekin maydoni emas, oilalarning farovonligi omilidir.