Toshkent davlat agrar universiteti Kembrij o‘quv markazi bilan hamkorlikka kirishdi

Bugun Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali hamda Cambridge Assessment Englishning O‘zbekistondagi imtihonlar markazi - Innovative Centre bilan hamkorlik memorandumi imzolandi.

- Biz dunyodagi nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni boshladik, - dedi filial direktori Shavkat Hasanov. - Eng avvalo, kadrlarimizning bilimi yuqori darajada bo‘lishi kerak. Hamkorlik memorandumi tuzishimizdan maqsad - o‘qituvchilarimizni ingliz tilida dars bera oladigan darajaga yetkazish.

Ma’lumot uchun Kembrijdagi  Assessment English dunyodagi eng nufuzli universitetlardan biri Kembrij universitetining bir qismi hisoblanadi va O‘zbekistonda qator tashkilotlar hamda ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi. Butun dunyo bo‘yicha har yili 5,5 milliondan ortiq odamlar mazkur tashkilot tomonidan yaratilgan IELTS va CEFR imtihonlarini topshiradi.

Innovative Centre markazi Samarqandda ham bevosita faoliyat yuritib, talabalarga ingliz tilidan dars beradi, o‘qituvchilarga esa ingliz tilida xalqaro standartlarga asosan dars berishda metodik yordam ko‘rsatadi.

Hamkorlikda tuzilgan memorandumga ko‘ra, endi filial o‘qituvchilari ingliz tilida dars berishga o‘qitiladi. Kelajakda xorijlik talabalar ham filialga jalb etiladi. Bu dunyodagi top 1000 talikka kirish shartlaridan biridir.

Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali axborot xizmati.