Toshkent viloyatidagi bog‘chada 25 nafar bola ovqatdan zaharlandi, 6 nafarining ahvoli og‘ir

Ijtimoiy tarmoqlarda «Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanidagi bolalar bog‘chasida 150 nafar bola ovqatdan zaharlanibdi, 1 nafari vafot etibdi» mazmunida ma’lumotlar tarqaldi.

Maktabgacha ta’lim vazirligi matbuot xizmati ushbu xabarlar yuzasidan bayonot berdi.

Unda aytilishicha, Maktabgacha ta’lim vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bilan hamkorlikda Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanidagi 5-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining 25 nafar tarbiyalanuvchilarining kasallanish holatini o‘rganib chiqdi.

2 avgustdan 11 avgustgacha intoksikatsiya sindromining klinik ko‘rinishlari bo‘lgan tarbiyalanuvchilar Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, Toshkent 1-shahar yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi, Toshkent viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi va Oqqo‘rg‘on tumani yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirildi.

12 avgust holatiga ko‘ra, 6 nafar tarbiyalanuvchi og‘ir holatda jonlantirish bo‘limida davolanmoqda, shundan 1 nafar tarbiyalanuvchi o‘pkaning sun’iy nafas berish moslamasiga ulangan bo‘lib, og‘ir holatda qolmoqda. Qolgan 19 nafar tarbiyalanuvchilarning holati o‘rtacha og‘ir deb baholangan. Kasalxonaga yotqizilgan tarbiyalanuvchilardan bakteriologik tekshiruv o‘tkazish uchun tahlillar olingan va laboratoriyaga yuborilgan.

Epidemiologiyaga qarshi tadbirlarni muvofiqlashtirish va mahalliy mutaxassislarga uslubiy yordam ko‘rsatish uchun Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassislar va epidemiologlar guruhi yuborilgan. Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari tomonidan konsilium o‘tkazilib, kasalxonaga yotqizilgan tarbiyalanuvchilarga klinik ko‘rinishlariga ko‘ra botulizm tashxisiga gumon qilingan. Yakuniy tashxis epidemiologik tekshiruv natijalari hamda bakteriologik tadqiqot ma’lumotlariga asoslanib qo‘yiladi. Davolanish davomida 21 nafar tarbiyalanuvchining salomatligida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda.

Bosh  prokuratura matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, bog‘cha tarbiyalanuvchilari zaharlanganligi holati yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Natijalari haqida qo‘shimcha xabar qilinadi.