Toshkent viloyatidagi yong‘inda er-xotin va ularning 2 yoshli farzandi halok bo‘ldi
Kecha, 28 may kuni soat 03 dan 41 daqiqa o‘tganda Toshkent viloyati Bekobod tumani YoXB dispetcherlik xizmatiga Bobur fermerlar uyushmasi, Ma’rifat ko‘chasi 2-uyda yong‘in sodir bo‘layotganligi haqida xabar kelib tushgan.
Voqea joyiga zudlikda 5 ta yong‘in o‘chirish bo‘linmalari jalb etilgan. Birinchi yong‘in o‘chirish bo‘linmalari soat 03 dan 53 daqiqa o‘tganda ko‘rsatilgan manzilga yetib borgan vaqtida (eng yaqin yong‘in o‘chirish qismidan voqea joyigacha masofa 12 km.) uyning tom qismidan quyuq tutun aralash alanga chiqib yonayotganligi ma’lum bo‘lgan. Ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida yong‘in soat 04 dan 23 daqiqa o‘tganda qurshab olinib, soat 04 dan 46 daqiqa o‘tganda bartaraf etilgan. Yong‘indan uyning 90 kv.metr maydoni saqlab qolingan va qo‘shni xonadonlarga alanganing o‘tib ketishi oldi olingan. Yong‘in oqibatida uyning 100 kv.metr maydonda tomi, shifti va ichki jihozlari yonib zararlangan.
Eng achinarlisi, yong‘inni o‘chirish vaqtida uy egasi 1986 yilda tug‘ilgan fuqaro F.A, uning 1989 yilda tug‘ilgan rafiqasi M.A.ning qisman kuygan va tutundan dimiqqan holda jasadlari topilgan. Ularning 2017 yilda tug‘ilgan o‘g‘li Z.M. qisman kuygan va tutundan dimiqqan holda qutqarilib, unga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilishiga qaramay shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtida vafot etgan.
Dastlabki surishtiruv ishlari davomida xonadonning chiqish yo‘lagi ochiq alanga bilan qoplanganligi va derazalariga temir panjaralar o‘rnatilganligi sababli uy egalari yong‘in hududidan chiqa olmaganliklari ma’lum bo‘lgan.
O‘zbekiston Respublikasi FVV YoXBB OAV bilan hamkorlik qilish bo‘linmasi bergan xabarga ko‘ra, yong‘inning taxminiy sababi elektr tizimida yuzaga kelgan avariya natijasida deb gumon qilinmoqda. Yong‘in holati yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari tuman prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.