Toshkentda 15 kishi ovqatdan zaharlandi
Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, Toshkentda 15 kishi ovqatdan zaharlangan.
Xabarga ko‘ra, 4 iyun kuni soat 17. 00 dan 6 iyun soat 12.00 ga qadar turli shifoxonalarga 15 bemor ko‘ngil aynishi, qayd qilish, bosh og‘rishi, umumiy holsizlanish, ich ketishi, oshqozon sohasida og‘riq, tana haroratining ko‘tarilishi kabi shikoyatlar bilan murojaat qilgan.
"Ular tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, "Ovqat toksikoinfeksiyasi" birlamchi tashhisi bilan shifoxonaga yotqizilgan. Bemorlardan 3 nafarining ahvoli og‘ir, qolganlariniki o‘rtacha og‘irlikda", - deyilgan xabarda.
Mazkur holat bo‘yicha o‘tkazilgan birlamchi epidemiologik tekshiruv natijasida quyidagilar aniqlandi:
Bemorlarning 11 nafari kasalliklarini Sergeli tumani, Yangi Qo‘yliq ko‘chasi, 7-b uyda joylashgan, 4 nafari Sergeli tumani Sergeli-8 mavzesida joylashgan «Oqtepa lavash» umumiy ovqatlanish shoxobchalarida tayyorlangan tovuqli sendvichni iste’mol qilganliklari bilan bog‘lashmoqda.
«GRAND AZIA PLUS» MChJga qarashli «Oqtepa lavash» umumiy ovqatlanish shoxobchasida qisqa muddatli tekshiruv o‘tkazish uchun O‘zbekiston Republikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik sub’yektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili nomiga Toshkent shahar DSENM tomonidan 2019 yil 6 iyundagi 07-11/4388-sonli ma’lumotnoma ko‘rib chiqish va xulosa olish uchun berildi.