Toshkentda “Spark”ni olib qochgan shaxs Qashqadaryoda qo‘lga olindi

Avval Toshkent shahar IIBB Mirobod tumanidagi ko‘chalardan birida haydovchi tomonidan qoldirilgan “Spark” avtomobilini olib qochganlikda gumonlanuvchi shaxs qidiruvi bo‘yicha fuqarolardan ko‘mak so‘ragan edi.

Qayd etilishicha, 13 avgust kuni soat 20.30 da 102 raqamiga 35 yoshli Jamshid A. qo‘ng‘iroq qilib, noma’lum shaxs uning “Spark” avtomobilini olib qochganligini ma’lum qildi. Avtomobil Mirobod tumani Taras Shevchenko ko‘chasida joylashgan Temir yo‘l boshqarmasi yonida qoldirilgan edi. Haydovchi kalitni o‘t oldirgichda, eshikni esa ochiq qoldirgan bo‘lgan. Avtomobil yo‘qolgani fakti asosida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi (“Transport vositasini olib qochish”) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Mashina olib qochilgan hududda o‘rnatilgan videokameralarga olib qochilgan vaqt va olib qochgan shaxsning yuzi tushib qolgandi. Gumonlanuvchini qo‘lga olish bo‘yicha choralar ko‘rilgach, avtomobil texnik soz holatda 14 avgust kuni Uchtepa tumani Yusuf Sakkokiy ko‘chasida topildi.

Xabarga ko‘ra, olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida gumonlanuvchining shaxsi aniqlanib, u 28 yoshli qashqadaryolik Sherzod J. ekanligi ma’lum bo‘ldi. Gumonlanuvchi qo‘lga olinib, tergov tadbirlarini olib borish uchun poytaxtga olib kelindi.