To‘y  va boshqa marosimlarni o‘tkazish tartibini buzganlarga qancha jarima solinishi ma’lum bo‘ldi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida deputatlar “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqdi, deb xabar berdi O‘zA.

Qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashining va Oliy Majlis Senati Kengashining 2019 yil 14 sentyabrdagi Qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarning ixcham o‘tkazilishini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi”ga asosan tayyorlangan.

Qonun loyihasi bilan to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazish tartibiga qo‘yiladigan umumiy talablarga rioya qilmaslik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanishi ko‘zda tutilmoqda.

ОНЛАЙН: Тўй, маърака ва бошқа маросимларни ўтказиш тартибини бузганлик учун қанча жарима солиниши маълум бўлди

Ushbu tartibni mazkur tadbirlarni o‘tkazuvchi shaxs tomonidan buzish – bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi nazarda tutilyapti. To‘yxona, kafe va restoranlarning mansabdor shaxslari tomonidan bu tartibning buzilishi esa bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari miqdorida jarima solishga olib keladi.

Nazarda tutilgan huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi belgilanmoqda.

4.jpg

Majlisda ayrim deputatlar, fraksiyalar to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazish tartibini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikni aholiga emas, balki to‘yxona, kafe va restoranlar egalari uchun kuchaytirish lozimligini ta’kidladi.

Bir guruh deputatlar esa ko‘zda tutilayotgan jarima miqdorlarini yanada keskin oshirish bu boradagi tartib-intizomni ta’minlashda muhim omil bo‘lishini qayd etdi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilishi taklif etilayotgan huquqbuzarlikni aniqlash, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzish hamda o‘rnatilgan tartibda ma’muriy sudga yuborish masalasini ichki ishlar organlariga yuklash nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan konseptual jihatdan qabul qilindi.