Toyloq mahallalarining drayverlari
Hududlarni rivojlantirish, aholi bandligi va doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishini ta’minlash maqsadida joriy yilda mahallalarning o‘ziga xos o‘sish nuqtalari – drayverlar belgilandi.
Bu vazifa Toyloqdagi 50 ta mahallada ham amalga oshirilib, har bir hudud aholisining turmush tarzi, kasb-kori, mashg‘ulot turidan kelib chiqib, 90 ta yo‘nalish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Jumladan, 16 mahallada savdo va xizmat ko‘rsatish, 19 tasida issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirishga e’tibor qaratilmoqda. 12 mahallada kartoshkachilik, 8 tasida chorvachilik, 6 tasida uzumchilikni ommalashtirish ko‘zda tutilgan. Va ayni paytda bu borada amaliy ishlar olib borilmoqda.
6 mingdan ortiq aholi yashaydigan Ukrach mahallasi uzumchilikka ixtisoslashmoqda. Aslida, bu hudud odamlari avvaldan ushbu faoliyat turi bilan shug‘ullanib kelgan. Shuning uchun bugun mahalladagi deyarli har bir xonadonda voyish usulida uzum yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan.
Bu ro‘zg‘or barakasi, ham daromad manbai, deydi ukrachliklar.
Mahallada nafaqat hovlilar, balki uylarning tashqarisida, ko‘cha bo‘ylarida ham xonadon egalari ishkom qilib, uzum yetishtirayotganini ko‘rish mumkin.
Mahalla raisi Namoz Abdurahimovning aytishicha, ehtiyojmand, kam ta’minlangan oilalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning xonadonida imtiyozli kredit asosida yoki homiylar ko‘magida voyish qilib berilayotgan ekan.
Tumandagi Talliota mahallasining drayveri – issiqxona xo‘jaliklari hisoblanadi. Bu yerdagi 800 ga yaqin xonadonning yarmida issiqxonalar tashkil etilgan. Aholi tomorqasidan yil davomida hosil olib, ro‘zg‘ori to‘qin-sochinligini ta’minlamoqda.
Talliotada uzumchilik bilan shug‘ullanadigan xonadonlar ham ko‘p. Lekin endi ular bu soha bilan an’anaviy usulda emas, Farg‘onaning Oltiariq tumani tajribasi misolida foydalanishmoqchi.
Shu mahallada yashovchi Safarqul Obloqulovning tomorqasida ham 4 sotixli issiqxona, kattagina ochiq maydon bor. Bu oila ana shu yerda joriy yilda sabzi yetishtirib, 25 million so‘mdan ortiq daromad qilibdi. Hozirda tomorqada ikkinchi ekin sifatida bulg‘or qalampiri va kartoshka yetishtirilmoqda.
Ha, mehnat qilgan, yerning qadriga yetgan insonga tomorqa xazina. Bu xazinaning kalit esa mehnatda.
Toyloqdagi mahallalarda o‘z mehnati bilan ro‘zg‘orini obod qilayotgan va shu orqali yaxshi hayot kechirayotgan oilalarning ko‘payayotgani quvonarli albatta. Hududlarning o‘sish nuqtalarini aniqlash va uni rivojlantirishdan ko‘zlangan maqsad ham shu aslida.