Toyloqda qanday iqtisodiy loyihalar qilinadi

215 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladigan Toyloq tumanida “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” belgisi ostidagi mahsulotlarni jahon bozorlariga chiqarish g‘oyalari hayotga ko‘chmoqda. Tumandagi sanoat korxonalari tomonidan 2021 yilda 862,7 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan. Chakana tovar aylanmasi 613,8 milliard so‘m, xizmatlar hajmi 901,9 milliard so‘m bo‘ldi. 658,9 milliard so‘mlik qurilish ishlari bajarildi.

 – Tumanimizda 3700 dan ortiq tadbirkorlik sub’yekti faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, o‘tgan yilda qariyb 1200 ta sub’yekt faoliyati qonuniylashtirildi, - deydi tuman hokimi Bahodir Bobonazarov. – Faoliyat yuritayotgan sub’yektlarning asosiy qismi xizmat ko‘rsatish sohasiga to‘g‘ri kelmoqda. Yangi tashkil etilgan sub’yektlar va ishga tushgan loyihalar hisobiga o‘tgan yilning o‘zida 4 mingdan ortiq fuqaro ish o‘rniga ega bo‘ldi. 2021 yilda mahalliy byudjetning daromadlar qismi rejalashtirilgan 58,5 milliard so‘m o‘rniga 20 milliard so‘m ortig‘i bilan bajarildi. Joriy yilda mahalliy byudjetning daromadlarini 115,3 milliard so‘mga yetkazish rejalashtirilgan. Tumanimizda bu yilgi xarajatlarning 68 foizi ijtimoiy sohaga va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.

Xorijiy sarmoya -  ishonchli hamkorlik  belgisi

O‘tgan yil tumanda asosiy kapitalga kiritilgan investitsiya hajmi 809,6 milliard so‘mni tashkil etgan. Bunda 3 million 183 ming AQSh dollari va 33,8 milliard so‘m to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoya jalb etilgan bo‘lsa, 568,6 milliard so‘mlik qurilish ishlari bajarilgan.

15 ta korxona qishloq xo‘jalik mahsulotlari, ipak matosi, quritilgan meva, uzum danagi konyak distillyati, pet granulalar kabi 20 ga yaqin mahsulot eksport qilgan. Tumandagi 4 ta korxona tomonidan 28,1 million AQSh dollarilik xorijiy sarmoya va xorijiy kreditlar o‘zlashtirildi. Bu esa ishlab chiqarish salmog‘i va eksport hajmining yanada ortishi, asosiysi, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilishidan darak bermoqda. Joriy yilda 8 ta korxona tomonidan 17,3 million dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va xorijiy kreditlarni o‘zlashtirish rejalashtirilgan.

Yangi mahsulotlar ishlab chiqariladi

2021 yilgi investitsiya dasturi asosida qishloq xo‘jaligi, sanoat, xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida qiymati 254 milliard 985 million so‘mlik 157 ta loyiha amalga oshirilib, qariyb mingga yaqin ish o‘rni yaratilgan. Joriy yilda esa hududiy investitsiya dasturi asosida qiymati 1 trillion 79 milliard 806 million so‘mlik 92 ta loyihani amalga oshirish hisobiga 1300 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi. Birgina sanoat yo‘nalishida 1 trillion 10 milliard 853 million so‘mlik 35 ta loyiha hisobidan 1100 ga yaqin ish o‘rni yaratiladi. 

O‘tgan yil yakunida respublikamizda uchinchi, viloyatimizda yagona bo‘lgan avtomobillar shinasi uchun disklar ishlab chiqarish boshlandi. Bu yil qiymati 356 milliard so‘mlik qo‘shimcha 10 ta loyiha ishga tushirilishi bilan yana 850 nafar fuqaro doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi. Bu yilgi rejalar ijrosi bilan eksportda talab yuqori bo‘lgan maishiy texnika uchun shisha, elektr kabellari, maishiy texnika kabel guruhlari, chiqindini qayta ishlash uskunalari va qattiq chiqindilar uchun konteynerlar, moyli va kvarsli isitish pechlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.    

Joriy yilda tumandagi fermer xo‘jaliklari tomonidan 183,2 ming tonna meva-sabzavot, kartoshka, uzum yetishtirish va mahsulotning 43,5 ming tonnasini qayta ishlash, 13,6 ming tonnasini eksport qilish rejalashtirilgan.

 Keyingi yillardagi islohotlar samarasida aholini qiynayotgan muammolar yuzasidan jamoatchilik fikrini o‘rganish va shu asosda ma’lum mablag‘ ajratish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Yurtboshimizning talabi, bugungi siyosatning zamirida odamlarni rozi qilish, ularni qiynayotgan muammolarga yechim topish masalasi bor. “Ochiq byudjet” axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida shakllangan tadbirlarni moliyalashtirish shahar va tumanlar hokimliklari qoshida “Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasi”ga 7 milliard 836,9 million so‘m mablag‘ o‘tkaziladi. Bu yuqorida aytganimizdek, tumandagi bir qator ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni bartaraf etishga xizmat qiladi.

– Faqatgina ishlab chiqarishni kengaytirish bilan cheklanib qolmasdan, aholini qiynayotgan muammolarga yechim topish, ijtimoiy va infratuzilma ob’yektlarini qurish va ta’mirlash ham doimiy e’tiborimizda, - deydi B.Bobonazarov. – Bu yilgi investitsiya dasturi asosida 58,6 milliard so‘m mablag‘ ajratish rejalashtirilgan. Ushbu mablag‘ hisobidan 3 ta umumta’lim maktabi,  4 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 2 ta sog‘liqni saqlash muassasasida yangidan qurish va ta’mirlash ishlari olib boriladi. 2 ta suv inshooti quriladi, qirg‘oq ob’yektlari, elektr energiyasi, gaz ta’minotini yaxshilash, yo‘llarni ta’mirlash ishlari bajariladi.       

Birgina maktabgacha ta’lim sohasini oladigan bo‘lsak, tumanda 3-7 yoshli bolalar soni 17 719 nafarni tashkil etadi va 2021 yil boshida ularning bog‘chaga qamrov darajasi 59 foizni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yil boshida qamrov 71,5 foizga yetdi. Yil yakunigacha qamrov darajasini  93 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan. Boshqa sohalarda ham oldimizga qo‘ygan maqsadlarimiz aholi farovonligi, inson qadri, davlatimiz taraqqiyotiga xizmat qiladi.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV

tayyorladi.