Toza bo‘lmaydigan ko‘cha

Sarlavha bir qarashda kishini hayron qoldiradi. Ajablanmang. Gap Samarqand shahri Ulug‘ Tursunov ko‘chasi haqida bormoqda. Chunki bu ko‘cha toza turganini eslay olmayman. Bu haqda 1-2 yildan buyon bir necha marta yozdik, afsus, o‘zgarish yo‘q. Tanqid qilib maqola yozsak, “Maroqand obod” korxonasi xodimlari kelib tozalab ketadi. Ming afsus, ertalab ishga kelganimizda yana shu ahvol, ko‘chaga chiqindi tashlangan bo‘ladi.

Masalaga oydinlik kiritish uchun shu hududdagi Ko‘ksaroy va Xo‘ja Yusuf mahallalari raislari bilan suhbatlashdik.

- Chiqindi mashinalari bizning mahallaga har hafta juma kuni keladi, - deydi Ko‘ksaroy mahallasi raisi Muzaffar Qurbonov. - Har bir ko‘chaga chiqindi mashinasi boradi, gohida yangi haydovchi bo‘lsa, bironta ko‘cha qolib ketmasin deb o‘zim yo‘l ko‘rsataman. Yoz kunlari havo issiq, iste’mol ham ko‘p bo‘lgani uchun gohida ikki “reys” qiling, deb iltimos qilamiz. O‘tgan safar juma va shanba kunlari ikki “reys” qildi. Yaqinda mahalla aholisi bilan ushbu masalani muhokama qildik. Odamlarga tushuntirishimizga qaramasdan urinishlarimiz zoye ketmoqda.

Bir-ikki marta tunda uxlamay, ko‘chada kuzatdik, o‘zimizning va qo‘shni mahalladagi bir nechta kishini chiqindi tashlayotgan vaqti ushladik. Boshqa qaytarilmaydi, deb uzr so‘rashdi. Lekin holat yana takrorlanmoqda. Kamera o‘rnatsak, o‘zgarish bo‘ladi, deb o‘ylayman. Odamlarning madaniyatini shakllantirmasa, foydasi bo‘lmayapti yoki katta jarimaga tortish kerak.

- Aholi bir necha marotaba ogohlantirilgan, hatto uyma-uy kirib tushuntirilgan, - deydi Xo‘ja Yusuf mahallasi raisi Bahriddin Qo‘shbaqov. – Avvalgi rais bir necha marta odamlarni jarima qilgan. Lekin ko‘chaga chiqindi tashlashning asosiy sababi chiqindi mashinasining vaqtida kelmasligi. Bizning mahallaga har hafta chorshanba kuni kelishi kerak. Lekin bir, ikki haftalab chiqindi mashinasi kelmagan paytlar bo‘ldi. Mashina buzilib qoldi, deb aytishadi. Necha marta boshlig‘iga chiqqanman. Yanvar oyidan buyon xizmat ko‘rsatish yaxshi emas. Agar chiqindi mashinasi vaqtida kelsa, aholi ham to‘lovni vaqtida qiladi. Chiqindiga “propiska” buyicha to‘lov qilish kerak. Odamlar “propiska”sini tozalab qo‘ygan. Qarzdorlik ro‘yxati keladi, ayrim odamlar ro‘yxatga kiritilmagan. Axir bu uyda ancha odam yashaydi, kamiga o‘nlab ijarachisi bor.

“Maroqand obod” korxonasida xizmat ko‘rsatish sifati yaxshi emas, agar xizmatni yaxshilasa, odamlar ko‘chaga chiqindi tashlamaydi, deb o‘ylayman.

Ikki mahalla raisidan ikki xil fikr eshitdik. Masalaga oydinlik kiritish uchun “Maroqand obod” korxonasi mas’ullariga murojaat qildik.

- Mashina haftada bir marta kelib, ko‘chama-ko‘cha yurib, chiqindilarni olib ketadi, har bir mashinaning harakati “JPS” qurilmasidan kuzatib boriladi, - deydi “Maroqand obod” korxonasi direktori Zafar Yusupov. - Ulug‘ Tursunov ko‘chasiga keladigan bo‘lsak, bizning xodimlar kelib tozalab ketadi, lekin odamlar ertalab yana chiqindi chiqarib tashlashadi. Ikkala mahalla bilan bir tomonlama shartnoma qilingan. Transport doim vaqtida boradi, agar bora olmay qolsa, boshqa kuni boradi. Soatida kechikishi mumkin. Bir ikki haftalab bormay ketmaydi. Texnika buzilishi, kechikishi mumkin, bora olmay qolgan joylarga yakshanba kuni yuboramiz.

Korxona mas’uli mashina albatta borishini, lekin oylik to‘lovlarda qarzdorlik ko‘pligini aytadi. Aholi esa mashina vaqtida kelmasligi bois ko‘chaga chiqindini tashlashga majburligini bildirmoqda.

Munisa ShAMSIYeVA.