Tramp Pentagonning Markaziy razvedka boshqarmasi bilan aloqalarini buzmoqchi

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Markaziy razvedka boshqarmasi va AQSh mudofaa vazirligi o‘rtasidagi mavjud aloqaga zarar yetkazishi mumkin. Oqibatda razvedka xodimlari Pentagon ko‘rsatadigan ba’zi yordamlardan mahrum bo‘lish ehtimoli bor. Bu haqda “Thye New York Times” gazetasi manbalarga asoslanib xabar bermoqda.

AQShning hozirgi va sobiq rasmiylari ma’lumotiga ko‘ra, 15 yil oldin harbiylar va razvedka idoralari o‘rtasida tuzilgan hamjihatlik memorandumini ma’muriyat qayta ko‘rib chiqmoqda. Bundan tashqari, shu paytgacha Markaziy razvedka boshqarmasi o‘z faoliyati maqsadida foydalangan hamda xodim va pudratchilariga tibbiy yordam ko‘rsatilgan AQShning harbiy bazalari soni dunyo bo‘yicha qisqarishi mumkin.

Shuningdek, ma’lum bo‘lishicha, Pentagon maxsus xizmatga biriktirilgan terrorizmga qarshi kurash sohasidagi harbiy ekspertlar sonini qisqartirishi va AQShning uchuvchisiz havo vositalari flotining asosiy qismini boshqarish huquqidan Markaziy razvedka boshqarmasini mahrum qilmoqchi.

Ba’zi manbalar bu harakatni Tramp hukmronligining so‘nggi haftalarida Markaziy razvedka boshqarmasiga bosim o‘tkazishga urinishi sifatida baholamoqda. Ammo Jo Bayden ma’muriyati bunday qarorni bemalol «orqaga qaytarishi» hech gap emas.

"Pentagon Xitoy bilan qarama-qarshilikka ko‘proq e’tibor qaratish maqsadida resurslarni to‘g‘ri taqsimlashga harakat qilmoqda", dedi Pentagon vakili jurnalistlarga. Unga ko‘ra, 15 yil oldingi kelishuvni qayta ko‘rib chiqish ham Pentagon, ham Markaziy razvedka boshqarmasi manfaatlariga xizmat qiladi.

Dekabr oyi boshida Djo Bayden avval Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy etish va Moskvaning saylovlarga "aralashuvi"ni tergov qilish bilan shug‘ullangan Devid Koenni Markaziy razvedka boshqarmasi boshlig‘i sifatida ko‘rishni istashi ma’lum bo‘ldi.