Tramp Xitoy fond birjalarini ostin-ustun qildi

Bundan biroz avval AQSh prezidenti Donald Trampning 10 may sanasidan AQShga olib kirilayotgan Xitoy mahsulotlariga bojni ko‘tarishi haqidagi xabar dunyo yoqilg‘i-energetika mahsulotlari narxiga aks ta’sir etgani haqida yozgan edik.

Endi ma’lum bo‘lishicha, Trampning o‘sha gaplari nafaqat yoqilg‘i-energetika mahsulotlari narxining pastlashiga, balki butun boshli Xitoy fond bozoriga ham katta aks ta’sir ko‘rsatgan ekan. Trampning o‘sha gapi ortidan Xitoy fond bozorlarida Xitoyga tegishli turli kompaniyalar qimmatli qog‘ozlarining narxi keskin arzonlagan.

Masalan, Shendjen va Shanxay fond birjalarida umumiy pasayish 5 va 7 foizga to‘g‘ri keldi.

Shanxay fond birjasida kotirovka,  5,58 foiz,  2906,46 punktgacha pastlab ketdi. Bu ko‘rsatkich oxirgi marta 2016 yilda bo‘lgan edi.

Foizlarda eng ko‘p arzonlagan sohalar: telekommunikatsiyalar, axborot texnologiyalari, sohalarida faoliyat yuritayotgan kompaniyalarning qimmatli qog‘ozlari bo‘ldi.

Shendjen fond birjasida ham ahvol bundan yomon.

Endi Xitoy delegatsiyasi Trampning AQShga olib kirilayotgan Xitoy mahsulotlariga bojlarni 10 foizdan 25 foizga ko‘tarish haqidagi gapidan so‘ng AQShga tashrif buyuradi va muzokaralar o‘tkazadi.

Eslatib o‘tamiz: Xitoy mahsulotlariga bojni oshirish haqida Tramp birinchi marta gapirayotgani yo‘q. U 2018 yilning kuzida, 2019 yilning 1 yanvaridan Xitoy mahsulotlariga bojlarni oshirmoqchi bo‘lgan edi. Ammo, Argentinada o‘tgan G20 sammiti doirasida Xitoy rahbari Si Szinpin Tramp bilan uchrashib, 2019 yilning boshida 3 oy bojlarni oshirmay turishlik haqida kelishuvga erishgan edi.

Tramp keyinchalik o‘sha 3 oylik muddatga yana bir oy qo‘shib berib Xitoyga imkoniyat bergan edi.