Transport boshqarmasi jamoat transportlaridagi qaytim masalasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish idorasiga murojaat qilish lozimligini bildirdi
Joriy yilning 7 dekabr kuni Zarnews.uz saytida “Hamon 100 so‘mlik yo‘q” sarlavhali maqolada qayd etilgan holatlarni o‘rganish maqsadida viloyat transport boshqarmasi mutasaddilari 7-12 dekabr kunlari Samarqand shahrida avtotransport sohasida faoliyat olib borayotgan 18 tadbirkorlik sub’yektining barchasida bo‘lib, avtokorxonalar rahbarlari hamda haydovchilari bilan alohida suhbat o‘tkazdi. Yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarning oxiri qanday oqibatlarga olib kelishi yuzasidan qat’iy ogohlantirishlar berildi. Hattoki, ko‘pchilik uchun arzimasdek tuyulgan masala – yo‘lovchi tomonidan to‘langan yo‘l haqi uchun pattaning berilmasligi ham qonunga zidligi aytildi. Endilikda har bir murojaat tegishli tartibda vakolatli davlat organlari bilan hamkorlikda o‘rganilishi ma’lum qilindi.
Har bir avtokorxona rahbari Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 iyuldagi “Avtomobil transportida yo‘lovchilarni va yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashish faoliyatini litsenziyalash yuzasidan davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qaroriga so‘zsiz rioya qilishi lozimligi, aks holda sud organlariga tegishli tartibda taqdimnoma kiritish orqali litsenziyasi bekor qilinishidan ogohlantirildi.
Viloyat transport boshqarmasi mutasaddilari avtokorxonalarda avtobuslarning texnik va sanitar holatlarini ham o‘rgandi. Shu bilan birgalikda ijtimoiy tarmoqlarda tanqidiy muhokamalarga sabab bo‘layotgan avtobuslardagi ovoz kuchaytiruvchi qo‘shimcha jihozlarni olib tashlashga ham jiddiy e’tibor qaratildi. Ba’zi avtobuslarda kuchaytirilgan ovoz beruvchi jihozlar borligi aniqlanib, transport vositasidan yechib olingach, undan foydalanmaslik talab qilindi.
Shu o‘rinda, barcha yo‘lovchilardan qaytim berishda muammoli vaziyatlar kuzatilgan taqdirda Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga murojaat qilishlari so‘raladi.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati.