Transport vazirligi haydovchilarni ogohlantirdi

O‘zbekiston hududiga 21—24 noyabrda Volgabo‘yi orqali Rossiyaning Yevropa hududi markaziy tumanlari ustida shakllangan sovuq va nam havo oqimi kirib keladi.

O‘zgidrometning ogohlantirishicha, 21—25 noyabrda «Toshkent—O‘sh» A-373 avtomobil yo‘lining Qamchiq dovoni hududiga qor yog‘ishi kutilmoqda. Dovon hududida tuman tushib, ko‘rinuvchanlik masofasi 50 metrga qadar pasayadi, shamol sekundiga 17—22 m/s. tezlikda esib, qor yog‘ishi kuchayishi mumkin. 21—23 noyabrda harorat 3—5 daraja sovuqqacha, 24—25 noyabrda 8—13 daraja sovuqqacha pasayadi. Yo‘lda qor uyumlari, muzlamalar hosil bo‘ladi.

Ob-havo keskin sovib ketishi natijasida yo‘llarda kelib chiqishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida Transport vazirligi viloyatlararo yuk va yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan korxona rahbarlari va haydovchilardan avtotransport vositalarining texnik holatini doimiy nazorat qilib borishini so‘rab qoladi.

«Qamchiq» dovoni orqali harakatlanayotgan haydovchilardan hushyorlikni yanada oshirishlarini va yo‘llarda to‘xtab, dam olishlarini tavsiya qilamiz.