Turizm mavsumida “Registon” kompleksi yarim tungacha ishlaydi
Samarqand viloyatining turizm salohiyatidan samarali foydalanish va uni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Hukumat qarori qabul qilindi (828-son, 30.09.2019 y.). Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
Qarorga muvofiq, 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab YuNESKO ro‘yxatiga kiritilgan hududlardan tashqari Samarqand shahridagi yer uchastkalari mehmonxonalar qurish uchun “E-IJRO AUKSOIN”da elektron onlayn-auksion orqali jismoniy va yuridik shaxslarga taqdim etiladi.
Shuningdek, shaharning Universitet xiyoboni, Islom Karimov, Alisher Navoiy va Pushkin ko‘chalarida xususiy investorlarni jalb qilgan holda 2019-2021 yillarda turizm infratuzilmasi tashkil etiladi.
Qarorga ko‘ra:
- “Bog‘i baland” va “Bog‘i Shamol” bog‘lari joylashgan joyni aniqlash orqali qayta tashkil etiladi va tarixiy qiyofasi qayta tiklanadi;
- “Sheroz qal’a”, “Dobussiya”, Revdat shaharchasi – “Kofir qal’a”, Afrosiyob shaharchasidagi arxeologik yodgorliklar YuNESKO bilan kelishgan holda restavratsiya qilinadi;
- arxeologik yodgorliklar hududida “Ochiq osmon ostidagi muzey”lar tashkil qilinadi va tashrif buyuruvchilarni elektron hisobga olish tizimi joriy etiladi.
2019 yil 1 oktyabrdan boshlab, turizm mavsumi davomida (mart-noyabr) “Registon” kompleksi har kuni soat 7:00 dan 24:00 gacha ishlaydi.