Turkiy davlatlar oqsoqollari Kengashi a’zolari Samarqandda jam bo‘ldi
O‘tgan yil 10-11 noyabr kunlari Samarqandda o‘tkazilgan Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammitida tashkilotga a’zo davlatlar - O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston hamda Qirg‘iziston mamlakatlari rahbarlari ishtirokida turkiy xalqlar o‘rtasida har tomonlama hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilingan edi.
Tadbirlar doirasida Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi sammiti 2023 yil noyabr oyida Qozog‘istonda o‘tkazilishiga kelishilgan. Mazkur tadbir oldidan ertaga, 18 oktyabr kuni Samarqandda Turkiy davlatlar oqsoqollar Kengashining o‘n to‘rtinchi yig‘ilishi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shu munosabat bilan yig‘ilish ishtirokchilaridan iborat delegatsiya Samarqandda jam bo‘ldi.
Bugun ishtirokchilar Samarqand shahridagi Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi, Shohi Zinda majmuasi va Amir Temur maqbarasini ziyorat qildi.
– Ayni paytda Turkiy davlatlar tashkiloti raisligi O‘zbekistonda, - deydi Turkiy davlatlar tashkiloti oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirim. – Joriy yilning noyabrida Qozog‘istonda o‘tkaziladigan Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi sammiti oldidan tarixiy shahar Samarqandda yig‘ildik. Mazkur sammitda oqsoqollar kengashi a’zolarining ham ishtirok etishi rejalashtirilgan bo‘lib, ertaga bo‘ladigan tadbirda kengash faoliyatida bir yil davomida qilingan ishlar muhokama qilinadi va xulosalar, takliflar davlat rahbarlariga taqdim etiladi.

Turkiy davlatlar oqsoqollar kengashi a’zolari ayni paytda yurtimizda davom etayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida va do‘stlik ramzi sifatida Samarqand shahridagi Imom Vose mahallasida daraxt ko‘chatlari ekdilar.
– Davlatimiz rahbari boshchiligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi Turkiy davlatlar tashkiloti darajasida ham tashabbus sifatida olib chiqilmoqda, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi respublika boshqaruvi raisi, Oliy Majlis Senati a’zosi Sodiqjon Turdiyev. – Bugun bu ezgu tashabbusning mantiqiy davomi sifatida Turkiy davlatlar oqsoqollar Kengashi a’zolari bilan birgalikda ko‘chat o‘tqazdik. Ishtirokchilar tabiatni asrash har birimizning vazifamiz, qolaversa bu daraxtlar kelgusida “Do‘stlik bog‘i” bo‘lsin deb niyat qilishdi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.