Turkiya Rossiya vaksinasini sotib olishdan bosh tortdi

Chunki u talab doirasidagi laboratoriya amaliyotiga mos kelmaydi. Bu haqda Turkiya sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari Fahrettin Koca aytib o‘tdi, deb xabar beradi Haber Turk.

Anqara vakili Rossiya vaksinasi adenovirus ekanligi va zarur laboratoriya amaliyotiga mos kelmasligi sababli boshqa mamlakatlar ham uni sotib olmaydi, deb hisoblaydi.

Dastlab Turkiya SARS-CoV-2 koronavirusiga qarshi Rossiyaning «Sputnik V» vaksinasini ishlab chiqarishga qarshi emasligi haqida xabar berilgan edi. Anqara mahalliy qonunchilik talablariga binoan toksikologik tadqiqotlar olib borilgach, farmatsevtika korxonalari qudratiga tayangan holda vaksina ishlab chiqarishga qiziqish bildirgan edi.

O‘z navbatida, Rossiya investitsiya fondida «Sputnik V» koronavirusga qarshi vaksina axborot xurujiga uchragan, deb hisoblashmoqda. Fond ma’lumotlariga ko‘ra, virusga qarshi dunyodagi birinchi ro‘yxatdan o‘tgan vaksina raqobat va siyosiy aralashuvlarga ko‘ra, Rossiyada va chet elda axborot xurujining nishoniga aylandi.

Tashkilot vakillari ommaviy axborot vositalarida mahsulot xususiyatlari va uni ishlab chiqarish to‘g‘risidagi haqiqatga mos kelmaydigan ma’lumotlar tez-tez paydo bo‘layotgani haqida ta’kidlashmoqda. Shuningdek, ba’zida fondning potensial sherik va kontragentlari bilan olib borilayotgan muzokaralari to‘g‘risida noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqalayotganini qayd etishdi.

Bugungi kunda Rossiyada COVID-19 ga qarshi ikkita vaksina ro‘yxatdan o‘tkazildi. Birinchi bo‘lib ro‘yxatdan o‘tgan preparat Gamaleya markazi tomonidan ishlab chiqilgan «Sputnik V» edi. U 15 avgustda ishlab chiqarila boshlandi. 14 oktyabr kuni Prezident Vladimir Putin «Vektor» markazi tomonidan ishlab chiqarilgan «EpiVakCorona»ni ro‘yxatdan o‘tganligini e’lon qildi. Vaksinani birinchi bo‘lib xavf guruhidagi fuqarolar va shifokorlar oladi.