Turkiyaning g‘aroyib g‘orlari

Turkiyada qariyb 40 mingta g‘or bor. Ushbu geologik tuzilmaning yer osti ko‘llari, stalaktitlari va stalagmitlarini o‘rganish eng hayajonli holat, deak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Damlatash g‘ori: Stalaktitlarning ajoyib dunyosi

Turkiyadagi g‘or turizmi haqida gapirilganda, shubhasiz, xayolga keladigan ilk g‘or Antaliyaning Alanya tumanidagi Damlatash g‘ori bo‘ladi. G‘or pastiga kirish joyidagi 50 metrlik yo‘lakdan o‘tib, silindrsimon kovak orqali tushish mumkin. G‘or ajabtovur stalaktitlari bilan bir qatorda, nafas yo‘llari kasalliklaridan aziyat chekadiganlar uchun foydali bo‘lgan havosi bilan ham mashhur. Astma bilan og‘rigan bemorlar 21 kunlik muolajalardan o‘tadi va har kuni shifokor nazorati ostida ma’lum vaqt davomida g‘orda o‘tirishadi.

Ballija g‘ori: shifobaxsh geologik meros

Tokatdagi Ballija g‘ori 3,5 million yillik tarixga ega. G‘orning geologik landshafti global miqyosda kamyob bo‘lib, unda stalaktitlar, stalagmitlar va ustunlar, parda travertinlari, g‘or marvaridlari va noyob piyoz stalaktitlari mavjud. O‘rganilmagan qismlari tufayli sirli bo‘lib qolayotgan ushbu g‘orda hozirgacha aniqlangan sakkizta zal mavjud. 2019 yilda yorqin rangli kalsit birikmalari tufayli YuNESKOning Jahon merosi vaqtinchalik ro‘yxatiga kiritilgan g‘or chang va gulchanglardan xoli ionlashgan havosi tufayli astma va nafas qisilishi bilan og‘rigan bemorlarni davolash markazi vazifasini o‘taydi.

Oltinbeshik g‘ori: eng katta yer osti ko‘li

Turkiya Riviyerasining yuragi bo‘lgan Antaliya shahrida insoniyat tarixining izlarini o‘zida mujassam etgan katta-kichik g‘orlar juda ko‘p. Urunlu qishlog‘idagi Oltinbeshik g‘ori hududdagi dunyoga mashhur g‘ordir. Tabiat mo‘’jizasi sanalgan ushbu g‘or o‘ziga xos uch qavatli tuzilishga ega bo‘lib, Turkiyaning eng katta va dunyodagi uchinchi eng katta yer osti ko‘lini o‘z ichiga oladi. Ko‘ldagi qayiqlar qarag‘ay o‘rmonlari o‘rtasidagi vohaga o‘xshab ko‘rinadigan g‘orga kirish imkonini beradi. 

Karain g‘ori: Paleolit hayotining markazi

Antaliyada joylashgan Karain mamlakatning eng muhim tabiiy g‘orlaridan biri va paleolit davri topilmalari bilan mashhur arxeologik manzildir. Qolaversa, Karain paleolitdan Rim davrigacha bo‘lgan davrlarda yashagan odamlarning hayot tarziga oid topilmalar saqlanadigan Turkiyadagi eng katta g‘or sanaladi.

Ma’lum bo‘lishicha, g‘orda topilgan qoldiqlarning ba’zilarini Onado‘lida eng qadimgi insonlar tomonidan yaratilgan san’at asarlari tashkil etadi. Karain g‘ori ham YuNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Karaja g‘ori: Gumushhanening yer osti saroyi

Bu g‘or Turkiyaning Sharqiy Qora dengiz mintaqasidagi eng go‘zal shahar bo‘lmish Gumushhaneda joylashgan. G‘orda maftunkor stalaktitlar, stalagmitlar, piktogramma devorlari, devor travertinlari, g‘or gullari, g‘or marvaridlari, fil quloqlari, travertin hovuzlari va rang-barang g‘or atirgullari mavjud. Ushbu qazilma g‘or to‘rtta alohida elliptik zalning bir-biriga bog‘lanishi natijasida hosil bo‘lgan. Bu zallardan ikkitasi vaqt o‘tishi bilan suv oqishi natijasida hosil bo‘lgan devor tomchilari bilan bo‘lingan va zallarning umumiy soni oltitaga yetgan.

Dupnisa: Trakyaning mashhur g‘or tizimi

Dupnisa g‘ori Kirklareli viloyatining Demirko‘y tumanidagi yashirin xazina hisoblanadi. Trakyadagi birinchi va yagona turistik g‘or bo‘lgan Dupnisa har yili o‘n minglab ziyoratchilarni qabul qiladi. Taxminan to‘rt million yil davomida rivojlanayotgan tuzilmaning yuqori qismi Kuru va Qiz g‘orlarini o‘z ichiga oladi, tashrif buyuruvchilar esa pastki qavatda Sulu g‘orida kutib olinadi.

Dupnisa oq rangdan qizil va jigarranggacha bo‘lgan turli xil ranglarga ega va hayratomuz stalaktitlar, stalagmitlar, ustunlar, pardalar, bayroq toshlari va ulkan o‘lchamlarga ega bo‘lgan tosh hovuzlarni o‘z ichiga oladi.

Zilola tayyorladi.