Turli infeksiyalar avj oladigan kuz faslida o‘quvchilar nimalarga amal qilishlari lozim?

– Darhaqiqat, kuz faslida o‘tkir virusli infeksiyalar avj oladi. Bu paytda o‘quvchilar turli infeksiyalar yuqishining oldini olish va kasal bo‘lib qolgan paytida esa boshqalarni gripp, koronavirus infeksiyasi va boshqa o‘tkir respirator virusli infeksiyalardan himoya qilish uchun respirator gigiyena qoidalariga amal qilishi kerak. Ya’ni, qo‘llarni tez-tez va yaxshilab sovun bilan oqar suvda yuvish, spirtli dezinfeksiyalovchi vositalardan foydalanish, shuningdek, ovqatlanishdan oldin, hojatxonadan yoki uy hayvoni oldidan kelgach, qo‘llarni yuvish lozim. Yuzni qo‘l bilan ko‘p ushlamaslik kerak.

Ko‘p odam yig‘iladigan joylarga borishni imkon qadar kamaytirish lozim.

Yo‘talganda, burun qoqqanda va aksirganda og‘iz bilan burunga bukilgan tirsak, yeng yoki salfetkani tuting. Undan keyin salfetkani darhol axlat idishiga tashlang va qo‘lingizni yuvishni unutmang.

Shamollash yoki gripp alomatlariga ega odamlar bilan yaqin aloqada bo‘lishdan cheklaning.

Bolada kasallikning ilk alomatlari kuzatilganda, uyda qolishi va darhol shifokorga murojaat qilish lozim. Ushbu kasalliklarning qo‘zg‘atuvchilari juda yuqumli bo‘lib, asosan, havo tomchilari orqali yuqadi. Shu sababli sinfxonalarni, albatta tez-tez shamollatish zarur hisoblanadi.

Bu haqda Cog‘liqni saqlash vazirligining o‘quv-tarbiya muassasalari bo‘yicha bosh mutaxassisi, tibbiyot fanlari doktori Inobat Ahmedova ma’lumot berdi.