Isitish masalasi: Umumiy qozonxonalar ko‘paytiriladi, individual ikki konturli tizimdan voz kechiladi
Samarqand viloyatida 812 mingdan ziyod gazlashgan xonadon mavjud bo‘lib, ularning 312,9 mingtasi tabiiy gaz va 491,7 mingdan ortig‘i suyultirilgan gaz bilan ta’minlangan. 2023 yilning birinchi yarim yili davomida aholidan gaz ta’minoti bilan bog‘liq eng ko‘p murojaat Payariq tumani (581 ta), Past Darg‘om tumani (408 ta), Samarqand shahri (449 ta), Paxtachi tumani (295 ta), Kattaqo‘rg‘on tumani (270 ta), Ishtixon tumani (269 ta), Oqdaryo tumani (281 ta)dan kelib tushgan.
“Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish” loyihasi doirasida viloyatdagi 319 dan ziyod aholi xonadonlari iste’moli va hisobi qamrab olingan. Iste’mochilarning shaxsiy kabineti tashkil etilishi esa elektron gaz hisoblagichlar bilan bog‘liq murojaatlar sonini o‘tgan yilga nisbatan qariyb 300 taga kamaytirgan.
Ushbu raqamlar viloyat Matbuot uyida “Hududgaz Samarqand“ gaz ta’minoti korxonasi mas’ullari ishtirokida tashkil etilgan matbuot anjumanida jurnalistlarga ma’lum qilindi. Filial bosh muhandisi Vahob Halimovning OAV vakillariga bildirishicha, xonadonlarni isitishda hozirgi ikki konturli isitish tizimidan voz kechiladi.
- Joriy yil may oyidan ko‘p qavatli uylarni isitishda har bir xonadonga o‘rnatilgan ikki konturli isitish tizimi o‘rniga avval qo‘llanilganidek bir nechta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatadigan umumiy qozonxonalar faoliyati tiklanadi, - deydi V.Halimov. – Chunki alohida isitish tizimi soatiga 2,7 kub metr tabiiy gaz sarflaydi. Bu juda ko‘p. Xonadonlar esa faqat taom pishirish va choy qaynatish maqsadlari uchun tabiiy gazdan foydalanishi mumkin. Bu tizim bir necha yil oldin xavfsiz bo‘lgani uchun foydalanishga kiritilgandi. Endi katta hajmdagi gaz sarflanayotgani uchun avvalgi – bir nechta uylarga mo‘ljallangan qozonxonalardan foydalanish tizimiga o‘tyapmiz. Bu bo‘yicha shaharning temiryo‘l vokzali hududidagi mahallada moslashtirish ishlari yakunlandi.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV.