Tut yoki ocharchilikda odamlarga hayot bergan mevali daraxt haqida hikoya

Boltaning ovozini eshitib Shodmon buva hovliga chiqdi. O‘g‘li Samat shoxlari tarvaqaylab ketgan qari tutni kesishga kirishgandi.
- Hoy, bolam, to‘xta! Nima qilyapsan?
- Ancha yerni egallab yotibdi, kesib, o‘rniga uch-to‘rt tup boshqa mevali daraxt ekmoqchiman.
- Kesma! – O‘g‘lini qaytardi Shodmon buva. – Soyasida bolalaring o‘ynab mevasi, tut mayizi, shinnisini yeb katta bo‘lyapti.
Shodmon buvaning xayolida o‘tmish xotiralari gavdalandi.
...Urush yillaridan oldin edi. U tutni kesmoqchi bo‘lganida rahmatli otasi yo‘l qo‘ymagandi.
"Ocharchilik yillari bizni mana shu tut saqlab qolgandi, - degandi otasi. – Besh-olti yoshar bola edim. Ko‘chada o‘ynab uyga kelsam onam boyaqish ukamning boshida yig‘lab o‘tiribdi. Ochlikdan o‘t yeb, shishib ketgan ukam shiftga qarab unsiz termulib yotibdi. O‘lganini ham, tirikligini ham bilib bo‘lmaydi. Bir payt lablari zo‘rg‘a qimirlab tamshandi: - Non! - Onam tokchada kecha qayerdandir topib kelgan ozgina arpaning qipiqli kepagiga o‘t aralashtirib, qozonda pishirib olgan qotirmadan bir burda tokchaga yashirib qo‘ygan ekan. Olib ikkiga bo‘ldi-da, bir bo‘lagini menga, bir bo‘lagini ukamning og‘ziga tutdi. - Ma, bolam, ye! Hademay tut pishadi, to‘yib-to‘yib yeysanlar. - Ukamdan sado chiqmadi. Ko‘p o‘tmay tut pishdi. Onam tut mayiz qildi, shinni pishirdi. Ammo... Ammo ukam..."
Shodmon buvaning xira ko‘zlari yoshlandi. Bo‘g‘ziga yig‘i tiqilib gapirolmadi.
Samat boltani tashladi. Otasiga achinib uni yupatdi.
- Mayli, kesmaymiz, ota!
Tog‘aymurod Shomurodov.