U unutilgan edi: 18 yil orolda yolg‘iz yashagan Xuana Mariya qissasi
Yozuvchi Skot O‘Delli tomonidan yozilgan “Moviy delfinlar oroli” kitobi bolalar adabiyotining klassik asari hisoblanadi va 1960 yilning o‘rtalarida nufuzli mukofotga sazovor bo‘ldi. O‘shanda ko‘pchilik bu voqea haqiqiy voqealarga asoslanganligi va 12 yoshligida orolda qolib ketgan va ko‘p yillar orolda yolg‘iz yashagan qizning kechinmalari to‘g‘risida yozilganligni bilmagan bo‘lsa kerak.
San-Nikolas orolidagi ayol yoki “ko‘ylakdagi Robinzon” tub aholisi oroldan evakuatsiya qilingandan so‘ng Tinch okeanining o‘rtasida joylashgan kimsasiz orolda 18 yil yolg‘iz yashadi. Unga Xuana Mariya ismini berishdi, aslida bu ayolning ismini hech kim bilmasdi...
Nicoleños qabilasi taxminan 10 ming yil orolda yashab kelgan. Biroq, 1811-1814 yillarda ularning hayot tarixi bir guruh ovchilar orolga hujum qilib, mahalliy aholini qirib tashlagach, tugadi. O‘shanda Xuana Mariya kichkinagina qizcha edi.
Mo‘yna ovchilari hujumidan oldin, aholi soni 300ga yaqin edi, lekin 1814 yilga kelib u yerda 20 kishigina qoldi xolos. Shundan so‘ng tirik qolgan barcha mahalliy aholi evakuatsiya qilindi, lekin ular orolni g‘ayriixtiyoriy ravishda tark etdi.
Xuana Mariya nima sababdan orolda qolib ketganining sababi noma’lum. Bir taxminga ko‘ra u ikki yashar bolakayni izlab ketgan, boshqasiga ko‘ra, u odamlar orasida ukasini topolmasdan, qayiqdan sakrab tushgan. Orolda boshlangan bo‘ron qirg‘oqni tark etgan kemani qaytarishga yo‘l bermadi.
Bir muncha vaqt o‘tgach qutqarilgan hindularning ko‘pchiligi betob bo‘la boshladi. Turmush sharoitining farqi, iqlim va immunitetning yetishmasligidan ta’sirlangan qabilaning barcha a’zolari bir necha yil ichida vafot etdi. Xuana esa orolda yashashni davom ettirdi. Keyinchalik uni izlashga harakat qilishdi, biroq faqat 1853 yilda ayolni topishga muvaffaq bo‘lishdi.
Kema kapitani Jorj Nidever o‘z xotiralarida Xuanani qanday topilgani haqida gapirib bergan. Ular avvaliga uni epchillik bilan kitning jasadini nimtalayotgan bir kampirga o‘xshatgan. Ayol esa dengizchilardan qo‘rqmadi, aksincha “qandaydir noma’lum tilda gapirib, jilmayib, ularni kutib olgan”.
U 30 yoshga kirgan bo‘lsada, hayot qiyinchiliklari tufayli 50 yoshdan oshgandek ko‘rinardi, o‘zi “o‘rta bo‘yli, qalin po‘stin kiygan, juda kuchli va chaqqon ko‘rinardi. Ayol doimo tabassum qilib turgani bois, uning yuzi yoqimli bo‘lib tuyulardi”.
Xuana Mariya o‘rdak va boshqa dengiz hayvonlarini ovlagan, kit suyaklari va mo‘ylovidan kulba qurgan, teri va patlardan kiyim tikkan. Ayol Santa-Barbara shahriga olib kelinganida, u hech kim bilan gaplasha olmadi, chunki hech kim uning tilini bilmasdi. Odamlar faqat to‘rtta so‘zni tushunishga muvaffaq bo‘lishdi: «tocah» (hayvon terisi), «nache» (erkak), «toygwah» (osmon), «puoochay» (tana).
U o‘z kechinmalari haqida hech kimga aytib bera olmasdi, Xuana Mariyaning kimligini esa hech kim bilolmadi. Gazetalarda “yovvoyi ayol” o‘zi uchun yangi dunyoda yashashga harakat qilayotgani to‘g‘risida maqolalar chop etildi. Ular Xuana Mariyaning otlarga qiziqishi, qahva ta’midan zavqlanishi, hatto uni ko‘rishga kelganlar uchun qo‘shiq kuylashi va raqsga tushishi haqida yozishardi.
Ammo materikka ko‘chib o‘tgandan so‘ng, uni ham xuddi qabiladoshlari kabi taqdir kutar edi. U odamlar orasida atigi yetti haftagina yashadi, keyin dizenteriya bilan kasallanib vafot etdi. O‘limidan oldin katolik cherkovi unga Mariya ismini berdi.
Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.