Uchastkalarning referendum o‘tkazishga tayyorgarligi qanday?

Samarqand viloyatida 1111 ta referendum uchastkasi tuzilgan bo‘lib, eng ko‘p uchastka Samarqand shahrida (175 ta) joylashgan.

Jumladan, Samarqand shahridagi 34-referendum uchastkasi 6-umumiy o‘rta ta’lim maktabida tashkil etilgan. Mazkur referendum uchastkasida 1980 nafar ovoz beruvchi ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Ularning 16 nafari ilk bor ishtirok etayotgan yoshlar va 1 nafari nogiron bo‘lib, tegishli tartibda ovoz berishi uchun sharoit yaratilgan.

- Uchastkamizda 11 nafar komissiya a’zosi faoliyat yuritmoqda, - deydi 34-referendum uchastkasi komissiya raisi N.Saliyev. – Ular bilan birga uchastkamizga tegishli So‘fi Roziq va Ko‘k masjid mahallalariga borib, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyati hamda referendum kuni, vaqti, ovoz berish tartibi to‘g‘risida fuqarolarga tushuntirishlar berilmoqda. Ayni vaqtda referendum o‘tkazish uchun ovoz berish joyi, komissiya a’zolarining faoliyat yuritishlari uchun barcha qulaylik yaratilgan. Belgilangan tartibda texnik jihozlar va turli qo‘llanmalar bilan ta’minlangan.