Ukraina bug‘doyi: Hududda millionlab tonna ortiqcha g‘alla bor, ammo dunyoning qolgan qismida odamlar ochlikdan aziyat chekyapti

Yevropa diplomatiyasi rahbari Xosep Borrel BMT shafeligida Rossiya, Ukraina va Turkiya Ukraina g‘allasini dengiz orqali tashish bo‘yicha kelishuvga erisha olishiga umid bildirdi. Bu haqda u Lyuksemburgda bo‘lib o‘tgan YeI tashqi ishlar vazirlarining yig‘ilishida ma’lum qildi.

- Men chin dildan umid qilaman va ishonchim komilki, BMT oxir-oqibat kelishuvga erishadi. Dunyoning qolgan qismida odamlar ochlikdan aziyat chekayotgan bir paytda, Ukraina hududida millionlab tonna bug‘doy hali ham to‘sib qo‘yilgani aqlga sig‘maydi, tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bu haqiqiy harbiy jinoyat. Bunday davom etishi yaxshilikka olib kelmaydi.

G‘arb davlatlari Rossiya Ukraina donining dengiz orqali eksport qilinishiga to‘sqinlik qilayotgani, bu esa uning jahon bozorida taqchilligi va oziq-ovqat inqiroziga olib kelayotganini aytishmoqda.

Moskva esa qo‘yilgan ayblovlarni rad etib, Qora dengizda kema qatnovi bilan bog‘liq muammolar Ukraina o‘z port suv havzalarini minalashi tufayli yuzaga kelganini ta’kidlamoqda.