Ukraina g‘arbidagi suv toshqini bilan bog‘liq vaziyat jiddiyligicha qolmoqda

Bir oydan beri davom etayotgan yog‘ingarchilik oqibatida Ukrainaning 4 viloyatidagi 262 dan ortiq aholi yashash punktlari suv ostida qolmoqda. 154 kilometr avtotrassa yaroqsiz ahvolga kelib qolgan, 172 ta ko‘prik vayron bo‘lgan. Bu haqda 26 iyun kuni Ukrainaning Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati matbuot kotibi ma’lum qildi.

24 iyun kuni Ukraina tashqi ishlar vazirligi Yevropa Ittifoqi va NATO davlatlaridan suv toshqini oqibatlarini yengish uchun yordan so‘radi. Ivano-Frankovsk viloyati prokuraturasi, suv toshqinlariga sabablardan biri sifatida ko‘rilayotgan noqonuniy va tartibsiz ommaviy o‘rmon kesilishi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘adi.

Ofat bilan kurashish uchun bir yarim mingdan ortiq politsiya, qutqaruv va milliy gvardiya xodimlari safarbar etilgan. Sodir bo‘layotgan suv toshqinlari, mamlakat tarixida ko‘zatilgan so‘nggi 10 yildagi eng yirik ofatlardan biri sifatida baholanmoqda.