Ukraina hukumati mamlakat osmoni parvozlar uchun xavfsiz ekanligini aytmoqda
Xorijiy OAVlar, g‘arb sug‘urta kompaniyalari mamlakat hududidagi parvozlar uchun kafolatlarni bekor qilgani bois Ukraina havo hududi yopilishi mumkinligi haqida xabar tarqatdi.
Ukraina rasmiylari havo hududining yopilishi haqidagi ma’lumotni rad etdi va Ukraina osmoni parvozlar uchun xavfsiz ekanligini bildirdi.
Qayd etilishicha, “Borispol” xalqaro aeroporti odatdagi rejimda ishlamoqda.
Ammo 30 dan ortiq mamlakat o‘z fuqarolariga zudlik bilan Ukrainadan chiqib ketishni maslahat berishdi, ba’zilar bu chaqiriqni bajarishdi.
Aytish joizki, so‘nggi oylar davomida AQSh va G‘arb OAVlari Rossiyani Ukraina chegarasida qo‘shin to‘playotganidan ogohlantirib, Ukrainaga “bostirib kirish” uchun tayyorlanayotganiga da’vo qilmoqda. Rossiya esa barcha ayblovlarni inkor qilib, Kiyevdan Minsk shartnomalarini bajarishni talab etmoqda.
Germaniya kansleri Olaf Shols bugun Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan muzokaralar olib boradi, ertaga Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashadi.
Olaf Shols “Ukrainaga qarshi harbiy tajovuz, uning hududiy yaxlitligi va suverenitetiga tahdid qilish, biz tayyorlagan sanksiyalarni qo‘llashimiz, Yevropa va NATOdagi ittifoqchilarimiz bilan birgalikda harakat qilishimiz mumkin", deya ta’kidlab o‘tgan.
O‘z navbatida ukrainalik deputat xorijliklarning mamlakatni tark etayotganidan norozilik bildirdi.
Rada deputati Vadim Rabinovich Facebookda G‘arbning Ukrainaga qarshi “urush” boshlaganini e’lon qildi. “Xorij davlatlarining fuqarolariga Ukraina tark etish tavsiyasi, diplomatlarni olib chiqish, investorlar ketishi, havo qatnovini to‘xtatish - bu eng kuchli sanksiyalarga teng", deb yozgan Ukraina Rada deputati Vadim Rabinovich.
Ammo deputat ukrainalik oligarxlar, yirik biznes egalarining birin-ketin mamlakatni tark etayotganiga izoh bermagan.
Parlamentariyning so‘zlariga ko‘ra, Kiyevning g‘arbiy hamkorlari bayonotlari tufayli Ukraina iqtisodiyoti “to‘xtab qolishi” mumkin.