Ukraina Rossiya bilan asosiy muzokaralarni avgust oyiga mo‘ljallayotganini ma’lum qildi
Ukrainaning urush bo‘yicha muzokaralar guruhi rahbari David Araxamiya hozir Kiyev tomoni muzokaralarni qayta boshlash imkoniyatini ko‘rib chiqmayotgani, biroq avgust oyining oxirida muzokara boshlanishi mumkinligini aytdi.
Bu haqda u «Voice of America»ga bergan intervyusida ma’lum qilgan.
U Ukraina Rossiya bilan tinchlik muzokaralarini faqat frontdagi pozitsiyalari mustahkamlangan taqdirdagina qayta boshlashi mumkinligini aytgan.
«Biz o‘z rejalarimizni ruslar bilan bo‘lishmoqchi emasmiz, chunki ular buni ochiq manbalarda ko‘rishi mumkin. Menimcha, ba’zi joylarda qarshi hujum operatsiyalarini o‘tkazamiz. Biz Istanbulda taklif qilganimiz kabi qandaydir siyosiy kelishuvni ko‘rib chiqishimiz mumkin.
Masalan, bir necha yildan beri Qrim masalasiga to‘xtalmadik. Biz buni harbiy yo‘l bilan emas, balki diplomatik va siyosiy yo‘l bilan hal qilyapmiz», degan u.
Shuningdek, rasmiy agar Rossiya harbiylari hududdan olib chiqilsa, yoki ular ixtiyoriy ravishda 24 fevralgacha bo‘lgan joyga ko‘chib o‘tsa, minimal maqbul kelishuv bo‘lishini aytgan.
«Shundan so‘ng barcha suveren hududlar, jumladan, Qrim hamda Donetsk va Lugansk viloyatlari hududlarini qaytarish haqida gapirish mumkin bo‘ladi», deydi Araxamiya.