Ukraina Rossiya bilan munosabatlarda «B» variantini qo‘llamoqchi

Ukraina va G‘arb Rossiya bilan munosabatlarni rivojlantirishning ikkita variantini ko‘rib chiqmoqda, deydi Ukrainaning AQShdagi elchisi Oksana Markarova LB.ua nashriga bergan intervyusida.

"Hozircha biz hammamiz: Ukraina, AQSh, G‘arb – faol tayyorgarlik darajasidagi «B» variantiga o‘tmasligimiz uchun «A» varianti – diplomatik «tiyilish» ustida ishlamoqdamiz".

Diplomat «B» variant deganda nima nazarda tutilayotganini aytmadi, lekin u "potensial harbiy qarama-qarshilik" va G‘arb davlatlarining bunga tayyorgarligi haqidagi jurnalistning qo‘shimchasiga e’tiroz bildirmadi.

G‘arb ommaviy axborot vositalari va Kiyev siyosatchilari muntazam ravishda Rossiyani Ukrainaga bostirib kirish niyatida ayblashmoqda. Kremldagilarning fikricha esa, bunday xuruj chegaralar yaqinida ko‘proq harbiy texnika va NATO kuchlarini joylashtirish uchun bir bahona.

Moskva hech kimga tahdid qilmayotligi, qo‘shinlarning mamlakat hududi bo‘ylab harakatlanishi esa hech kimni bezovta qilmasligi kerakligini bir necha bor ta’kidlagan.

Bundan tashqari, prezident Putin Shimoliy Atlantika alyansining sharqqa kengayishi va Ukraina hududiga hujum qurollarini joylashtirish Rossiya uchun «qizil chiziq» ekanligini bildirdi. AQSh esa "qizil chiziq"ni tan olmasligini aytmoqda.

Yaqinda AQSh vitse-prezidenti Kamala Xarris Ukrainadagi vaziyat tufayli Rossiyaga “misli ko‘rilmagan sanksiyalar” bilan tahdid qilgan edi.