Ukraina-Rossiya ziddiyati: umumiy safarbarlik, harbiy holat, hujumlar, sanksiyalar

Ukrainadagi aerodromlar, qo‘mondonlik markazlari va boshqa harbiy ob’yektlarga ertalabki raketa-bombali hujumlar bilan boshlagan holda, Rossiya qurolli kuchlari 24 fevral kechasiga qadar havoda to‘liq ustunlikni o‘rnatdi va Ukraina armiyasining qarshiligini yengib, mamlakatning sharqidagi muhim shaharlar tomon harakatlanmoqda.

Oldin G‘arb razvedkasining «tayyorlanayotgan harbiy bosqin» haqidagi xabarlarini rad etgan Rossiya Federatsiyasi rasmiylari endi Ukraina shaharlarini bosib olish niyatini inkor etib, Ukraina tinch aholisiga hech narsa tahdid solmasligini ta’kidlamoqda.

Rossiya rahbariyati hujumni Ukraina “demilitarizatsiya”si va “denatsifikatsiya”si maqsadida uyushtirilgan “maxsus operatsiya” deb atadi hamda uni separatist “DXR” va “LXR”ning aholi evakuatsiyasiga olib kelgan hududlarni o‘qqa tutish kuchaygani haqidagi (“o‘q ochish”ga ishonchli dalillar va Ukrainaning ularga aloqadorligi keltirilmagan; Ukraina barchasini inkor etgan, Rossiya “genotsid” deb e’lon qilgan) da’volari va harbiy yordam so‘ragani bilan tasdiqladi.

Shimoldan, sharqdan va janubdan bostirish

 G‘arb harbiy tahlilchilariga ko‘ra: Ukraina hududiga quruqlikdan bostirib kirish uchta asosiy yo‘nalishda amalga oshirilmoqda.

 ▪️ Rossiya kuchlari nazoratiga o‘tgan Xerson oblastidagi bir qator aholi punktlari va infratuzilmalar – Qrimga suv ta’minotini ochish imkonini bergan Qrimdan shimolga Ukraina janubiga;

▪️ Rossiyaning Belgorodidan Ukrainaning sharqiy chegarasi yaqinidagi Xarkovgacha;

▪️ Belarus hududidan janubga, Kiyev tomon, xususan, potensial radiatsiyaviy ifloslanish xavfi ostida bo‘lgan to‘xtatilgan Chernobil AES hududi Rossiya harbiylari nazoratiga o‘tdi va qo‘shimcha kuchlarni o‘tkazish imkoniyatini ochib beruvchi Kiyev yaqinidagi harbiy aerodromlar uchun janglar davom etmoqda.

Ayni vaqtda tinch aholi o‘limi va jarohatlari, shuningdek, ikki tomon harbiy xizmatchilari orasida yo‘qotishlar haqida mustaqil ma’lumotlar yo‘q. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning aytishicha, Rossiya hujumi oqibatida 137 nafar ukrainalik, jumladan, Ukraina Qurolli kuchlarining 10 nafar zobiti halok bo‘lgan.

Ukrainada harbiy holat e’lon qilindi

Kiyevda komendantlik soati amal qilmoqda. Ukraina poytaxti va boshqa shaharlar aholisi bomba boshpanalarda va metroda jon saqlamoqda. Ko‘pchilik mamlakat sharqiy qismini tark etish harakatida. Polsha va boshqa Sharqiy Yevropa davlatlari Ukrainadan kelgan qochqinlarni qabul qilish markazlarini ochmoqda.

Rossiyaga qarshi AQSh va Yevropaning  sanksiyalari e’lon qilindi

AQSh, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi, asosan, Rossiyaning eng yirik moliyaviy, texnologiya va transport kompaniyalariga nisbatan sanksiyalarning yanada kuchaytirilishini e’lon qildi. Shaxsiy sanksiyalar bank sektorining bir qator yuqori martabali amaldor va rahbarlariga ta’sir ko‘rsatdi. Buyuk Britaniya Rossiya banklari va ko‘plab jismoniy va yuridik shaxslar aktivlarini muzlatib qo‘ydi, Rossiya fuqarolari uchun 50 ming funt-sterling miqdoridagi bank hisoblari hajmiga cheklovlar qo‘ydi.

AQSh tomonidan kiritiladigan sanksiyalar natijasida Rossiya kompaniyalariga dollar, yevro va iyenada biznes qilish cheklanadi.

Shuningdek, yangi sanksiyalar:

- Rossiyaning yuqori texnologik mahsulotlari eksportiga, jumladan kosmik sanoatiga nisbatan qo‘llanadi.

- “Sberbank” uchun AQSh dollaridagi barcha operatsiyalarga taqiq qo‘yiladi, 30 kun ichida barcha korrespondent hisob-raqamlari yopiladi.

- “VTB”, “Otkritiye”, “Sovkombank”, “Novikombank”larning AQShdagi barcha aktivlari arest qilinadi, AQSh dollaridagi hisob-raqamlari to‘liq blokirovka qilinadi.

- “Gazprombank”, “Rosselxozbank”, “Alfa bank”, “MKB” - aksiyalar va qarzlar bilan bog‘liq AQSh dollaridagi operatsiyalar taqiqlandi.

Shuningdek, Yevropa ittifoqi Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar  paketini e’lon qildi:

- Rossiya bank bozorining 70 foiziga va asosiy davlat kompaniyalari, shu jumladan mudofaa sohasida faoliyat yurituvchi kompaniyalarga ta’sir qiluvchi moliyaviy sanksiyalar;

- energetika sohasidagi sanksiyalar, shundan keyin Rossiya neftni qayta ishlash zavodlarini modernizatsiya qila olmaydi;

- Rossiyaga samolyotlar va aviatsiya uskunalarini sotishni taqiqlash;

- Rossiyaning texnologiyalar, shu jumladan yarimo‘tkazgichlardan foydalanishini cheklash;

- viza sanksiyalari - diplomatlar va biznes vakillari endi Yevropa ittifoqi mamlakatlariga kirish imtiyozlaridan foydalana olmaydi.

Shunga qaramay, hozircha G‘arb ittifoqchilari o‘rtasidagi kelishmovchiliklar tufayli Rossiya bank tizimini xalqaro SWIFT infratuzilmasidan uzib qo‘yish to‘g‘risida qaror qabul qilinmagan va Vladimir Putinga nisbatan shaxsiy sanksiyalar qo‘llanilmagan.

Inqiroz fonida Rossiya fond indekslari savdolar ochilgandan so‘ng shiddat bilan pasayish chegarasidan o‘tib ketishi oqibatida savdo to‘xtatildi. Ular qayta tiklangach, Moskva birjasi indeksi 2016 yil yanvaridan beri birinchi marta 1700 punktdan pastga tushdi. Markaziy bank rubl kursining yanada tushib ketishining oldini olish choralarini ko‘rmoqda. Rossiyadan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, ko‘plab aholi o‘z valyutalarini olib chiqishda qiynalmoqda.

"Urushga - yo‘q!"

Rossiya Federatsiyasining qo‘shni davlat hududiga bombardimon qilinishi va quruqlikdan bostirib kirishi Rossiya va dunyo shaharlarida ommaviy norozilik bilan kutib olindi. Berlin, Parij, Varshava, Gaaga, Bayrut va Tokio, Dublin va Amsterdamdagi namoyishchilar Ukraina bayroqlari va Rossiyaga qarshi shiorlar bilan Rossiya Federatsiyasi diplomatik vakolatxonalari va shaharlarning markaziy maydonlariga chiqishdi.

Rossiya hukumati aholini namoyishlarda qatnashmaslikdan ogohlantirib, taqiqni buzganlar hibsga olinishi haqida ogohlantirdi. Shunga qaramay, mamlakatning o‘nlab shaharlarida Ukraina va dunyoni himoya qilish shiorlari ostida individual piket, ommaviy miting va yurishlar o‘tmoqda. Rasmiylar ommaviy hibsga olishlar bilan javob berishdi. «OVD-Info» ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning 51 shahrida 1400 kishi, jumladan, Moskva markazida 719 va Sankt-Peterburgda 342 kishi hibsga olingan.

G.Xoldorova tayyorladi.