Ukrainada Chernobil avariyasi takrorlanishi mumkin

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish Rossiya va Ukraina bir-birini ayblayotgan so‘nggi kunlarda qayta o‘qqa tutilishi sababli falokat yuz berishidan qo‘rqib, bu masalada kelishuvga erishish kerakligini aytdi.

Shuningdek u Zaporoje atom elektr stansiyasi atrofidagi jangovar harakatlarni to‘xtatishga chaqirgan. Ukraina ham Rossiya ham MAGATE inspektorlari mamlakatga tashrif buyurishiga qarshi emasligini bildirgan.

Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) rahbari Rafael Grossi inspektorlar delegatsiyasi tarkibida Zaporoje AESiga shaxsan tashrif buyurmoqchi bo‘ldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir yadroviy xavfsizlikka “tezkor tahdid” yo‘q, biroq ertaga vaziyat o‘zgarishi mumkin.

Rossiya Mudofaa vazirligi AESning Ukranina qurolli kuchlari harakatlari natijasida falokatga uchrashi mumkinligini aytmoqda. Ammo o‘z qo‘shinlarini AES hududidan olib chiqish borasidagi takliflarga qat’iy rad javobini bermoqda.

Xususan, kecha Rossiya BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishning RF qo‘shinlari tomonidan bosib olingan Zaporoje atom elektr stansiyasi atrofidagi hududni demilitarizatsiya qilish taklifini rad etdi. Zaporoje AES atrofida qurolsizlantirilgan hudud yaratish taklifi «qabul qilib bo‘lmaydi», chunki bu stansiyani yanada zaiflashtiradi, dedi 18 avgust kuni TIV axborot va matbuot departamenti direktori o‘rinbosari Ivan Nechayev.

Mutaxassislarning eslatishicha, Chernobil va Fukusimadagi AES avariyalari oldidan sodir bo‘lgan voqealar farqiga qaramay, asosiy sabab quvvat tizimlari ishdan chiqishi, elektr ta’minoti uzilishi, sovutish tizimlari qisman yoki to‘liq yopilishi bo‘lgan. Bularning barchasi oxir-oqibat yadro yoqilg‘isining haddan tashqari qizib ketishi va reaktorning portlashiga olib kelgan.

Xabarlarga ko‘ra, yuz berishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyat aholining ommaviy migratsiyasini qo‘zg‘atib, Yevropada yuzaga kelgan energetik inqirozdan ko‘ra ko‘proq halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin.