Ukrainada tinchlikdan umid bor: Zelenskiy, Yevropa mamlakatlari yetakchilari va Donald Trampning onlayn sammiti bo‘lib o‘tdi

Kecha Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va Yevropa yetakchilari Donald Tramp bilan onlayn uchrashuv o‘tkazdi.
Yevropa bu uchrashuv AQSh va Rossiya prezidentlarining Alyaskada bo‘lajak muzokaralarini qisman muvozanatlashiga umid qilmoqda.
O‘tgan haftada Tramp 2021 yildan beri birinchi marta AQSh-Rossiya sammitiga rozilik berdi va uning maxsus vakili Stiv Uitkoff Moskvadagi muzokaralarda «sezilarli yutuqlar»ga erishganini ma’lum qildi. Uitkoff 6 avgust kuni Putin bilan uchrashdi, bu AQShning Ukrainadagi o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha ultimatumi muddati tugashidan bir necha kun oldin bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, ertaga, 15 avgust kuni Tramp Putinni Alyaskadagi eng yirik shahar — aholisi taxminan 300 ming kishidan iborat Ankoridjda qabul qiladi. AQSh prezidentining aytishicha, bu Ukrainadagi urushni to‘xtatish yo‘lidagi sa’y-harakatlari doirasidagi «sinov» uchrashuvi bo‘ladi.
Yevropada bu uchrashuvning natijalari oldindan aytilmasligi va AQSh hamda Rossiya yetakchilari Ukrainaga befoyda shartlarga rozi bo‘lishga majbur qiladigan, jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan qarorlar qabul qilishi mumkinligidan xavotirda.
Shunday qilib, kecha Prezident Zelenskiy onlayn-sammitda ishtirok etish uchun Berlinga borgan. Zelenskiydan tashqari, sammitda Germaniya, Finlandiya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Italiya, Polsha va Yevropa Ittifoqi yetakchilari, shuningdek, NATO bosh kotibi Mark Ryutte ishtirok etgan.
Tramp Zelenskiy va Yevropa yetakchilari bilan suhbatga yuqori baho berdi. O‘z navbatida yevropaliklar Tramp bilan bo‘lgan suhbat haqida ijobiy fikr bildirdi:
«Ukrainada tinchlikdan umid bor». Zelenskiy ham Alyaskada Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish masalasi asosiy mavzuga aylanishiga umid qilmoqda. Trampning aytishicha, agar Putin urushni to‘xtatishga rozi bo‘lmasa, Rossiyani «juda jiddiy oqibatlar» kutmoqda. U Putin bilan hudud masalasini muhokama qilmaslikka va’da berdi. Vaholanki, avvalroq «Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi kelishuv ma’lum hududlar almashuvini nazarda tutishi mumkinligi va bu Ukraina uchun ham ijobiy, ham salbiy jihatlarga ega bo‘lishi mumkinligini aytgan edi.
Zelenskiy o‘z navbatida, Kiyev sharqdan qo‘shinlarni olib chiqishni talab qiladigan kelishuvga rozi bo‘la olmasligini bildiradi. Uning aytishicha, bu Ukrainani mintaqadagi keng himoya chizig‘idan mahrum qiladi va Rossiyaga kelajakda mamlakat ichiga chuqurroq kirib borish imkoniyatini osonlashtiradi. Hudud masalalari faqat o‘t ochish to‘xtasa va Ukraina xavfsizlik kafolatlarini olgandan so‘ng muhokama qilinishi mumkin", deydi u.
So‘nggi xabarlarga ko‘ra, AQSh kelasi hafta oxirida Tramp, Putin va Zelenskiyning uch tomonlama uchrashuvi uchun joy qidirmoqda.