Umumxalq ekologik xayriya hashari Orol halokatining yanada ayanchli oqibatlarini kamaytirishga xizmat qiladi
Qurg‘oqchilik kelib, chang-to‘zon ko‘tarilsa, ekkan ekinlarimiz ko‘zlangan hosilni bermasa, ekologiya buzilib ketdi-da, deb qo‘yamiz. Ammo keyingi yillarda avj olayotgan tabiat injiqliklari, ofatlarga aslida o‘zimiz sababchi ekanligimizni o‘ylab ko‘rmaymiz.
Yaqinda viloyatimizning ko‘pgina hududlarida chang aralash yomg‘ir yoqqanini eslang. Bu nimadan deb o‘ylaysiz? Orol dengizining suvi qurigan maydonlarida shamol natijasida yuzaga keladigan kuchli qum, tuz va chang bo‘ronlarining ta’siri emasmikin? Bugun ushbu gard, tuz changlari nafaqat yurtimiz, balki yer yuzining barcha mintaqalari tomon uchayotganining hech kimga sirligi qolmadi.
Prezidentimizning tashabbusi bilan Orol fojiasi zararini kamaytirish hamda mintaqada ekologik ahvolni yaxshilash ustuvor vazifa sifatida belgilandi. BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosida trast jamg‘armasi tashkil etildi. Mazkur jamg‘armani bugun dunyoning ko‘pgina mamlakatlari qo‘llab-quvvatlashga kirishdi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Orolni qutqarish, uning qurigan hududida 500 ming gektar o‘rmonzor barpo etishga kirishildi. Yangi yil arafasida boshlangan mazkur ezgu ishlarga Qoraqalpog‘iston va respublikamizning boshqa viloyatlari qatori samarqandlik qishloq xo‘jaligi xodimlari, o‘rmonchilar, seleksioner, mexanizator, harbiy xizmatchi va favqulodda vaziyatlar idoralari xodimlari ham jalb etildi. Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumani sahrolarida viloyatimizning yuz nafarga yaqin mutaxassislari 50 dan ziyod texnika bilan saksovul ekish ishlarini amalga oshirmoqda.
26 yanvar kuni Orolbo‘yidagi ekologik halokat oqibatlarini yumshatish borasidagi tashabbuslar va sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha joylardagi jamoatchilik vakillarining takliflarini hisobga olib, mintaqada ekologik holatni va aholining yashash sharoitlarini yaxshilash maqsadida umumxalq ekologik xayriya hashari o‘tkaziladi.
Bu tashabbus va sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hamda shu asosida viloyat hokimining farmoyishlari e’lon qilindi.
Xayriya hashari davomida mahallalar, aholi punktlari, ko‘p qavatli uylar va binolar, hovlilar atrofi, guzarlar, xiyobonlar, ziyoratgohlar va qabristonlar, ariqlar, ko‘chalar tartibga keltiriladi. Umumxalq ekologik xayriya hasharidan tushgan mablag‘lar Orol dengizining suvi qurigan maydonlarida himoya o‘rmonlari tashkil etish, mintaqada ekologik holatni va aholining yashash sharoitini yaxshilash, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish ishlariga sarflanadi.
Mazkur xayrli ishlarga qo‘shilgan ozgina hissa ko‘plab tabiiy ofatlarning oldini olish, farzandlarimiz sog‘lig‘i, porloq kelajagi uchun ekanligini har birimiz unutmaylik.
A.SHERXOLOV.