«Ura-a» - qaysi tildan olingan?
«Ura-a-a», «Ura-a-a-a» - bu jangovar hayqiriqni urush haqidagi filmlarning deyarli barchasida eshitganmiz. Ayniqsa, ikkinchi jahon urushi davrida sovet qo‘shinlarining dushman ustidan g‘alaba qozonishida askarlarga jangovar ruh bag‘ishlagan.
Ammo bu xitob qanday paydo bo‘lganligini ko‘pchilik bilmaydi. Tarixchilar qator yillardan buyon shu xitobning qaysi til va millatga tegishli ekanligini aniqlash maqsadida izlanishlar olib borishadi. Ko‘pchiligi uni rus tilidan kelib chiqqan deb o‘ylashadi. Hatto, bir necha asr ilgari bu so‘zni o‘z tillaridan siqib chiqarishga urinishlar ham bo‘lgan.
Slavyancha nazariya
Ko‘pchilik tilshunoslar «ura» so‘zi slavyan tillaridan kelib chiqqan deyishadi. Ko‘proq litvaliklarga xos bo‘lgan «viray» so‘zining qisqartirilgan holatida kelib chiqqan deb ta’kidlashmoqda. Rossiyaning Novgorod shahri aholisi shevasida «u ray», ya’ni «jannatda» so‘zining ham aytilishi «ura»ga yaqinroq. Arxangelsk viloyatiga qarashli ayrim hududlarda «kuch», ya’ni «sila» ham «uraza» deyilgan. Shu sabab hayqiriqni slavyan tillariga bog‘lashmoqda.
Mo‘g‘ul-tatarlarda nima deyilgan?
Mo‘g‘ullarda «uragshlax» so‘zi «olg‘a» deb tarjima qilinadi. Aynan ular raqib ustiga yurish qilganlarida xuddi shunday deya qichqirishgan. Balki, shu hayqiriq bosqinlar davrida rus tiliga kirib kelgan bo‘lishi ham mumkin.
Bu hayqiriq sharq xalqlariga xos
Tilshunoslik tarixidan ma’lumki, bugungi rus tilidagi ko‘pgina so‘zlar turk tilidan kirib kelgan. Shu jumladan, «ura» xitobi ham o‘zlashtirilgan bo‘lishi mumkin. Chunki ajdodlarimiz dushman ustiga hujum qilganlarida baralla «uraman» deya xitob qilishgan. Aniqrog‘i, jang vaqtida ushbu so‘zning ikkinchi qismi tushib qolgan va mashhur jangovar hayqiriq paydo bo‘lgan.
Ozarbayjon tilida «ur» so‘zi «vur» tarzida talaffuz qilinadi. O‘z-o‘zidan «Vura!» so‘zi «ura»ga aylangan bo‘lishi mumkin. Turk tilida «yur», ya’ni «ketdik» so‘zi ham bor. Qizig‘i, bolgar tilidagi «yura» so‘zi «hujum qilaman» deb tarjima qilinadi.
Petr I «ura»ni nega bekor qilgan?
Buyuk Petr yevropacha ko‘plab odatlarni ruslar hayotiga tatbiq qilgan. Jumladan, qo‘shinning jangovar hayqiriqlarini ham. Odatdagi «ura» so‘zi o‘rniga «vivat» deb xitob qilishni talab qilgan.
Ammo tarixchilar 1706 yilda harbiylar jang vaqtida o‘zini qanday tutish kerakligi qayd etilgan hujjatlarda Petr I o‘z zobit va askarlariga jang vaqtida umuman qattiq ovoz chiqarmaslikni buyurgan. Chunki har qanday hayqiriq jang vaqtida boshqalarni vahimaga solib qo‘yishi mumkin, deb o‘ylagan. Tartibni buzganlar joyida otib tashlangan. Imperator o‘limidan so‘ng hammasi yana o‘z o‘rniga qaytdi: rus armiyasi fransuzcha «vivat» o‘rniga yana «ura» deya jangga kira boshladi.
Xo‘sh, boshqa xalqlarda nima deb qichqirishgan? Ular o‘z jangchilarining jangovar ruhini qay tarzda ko‘tarishgan? Prusslar «ura» hayqirig‘ini Rus imperiyasi qo‘shinlaridan mag‘lubiyatga uchragach qabul qilishgan. Bu hatto, pruss harbiy nizomida ham «hurra» deb yozib qo‘yilgan. Bungacha ular jangga «forvarts», ya’ni «olg‘a» deb tashlanishgan. Napoleon qo‘shinlari ruslardan mag‘lubiyatga uchragach, «ura» so‘zi ingliz, fransuz, hatto, turk armiyasiga ham kirib kelgan.
«Banzay» - imperatorga uzoq umr degani
Qizig‘i, o‘rta asrlarda fransuz va inglizlar jangga «xudo va mening huquqim» deb hayqirib kirishgan bo‘lsa, turklar boshqa musulmon xalqlari singari «Alloh» va «Allohu akbar» deya hujumga otlanishgan. Yaponiyada «banzay», ya’ni imperatorimizga 10.000 yil umr tilayman deyishsa, Isroilda qadimdan «xedad» deya hujumga kirish saqlanib qolgan. AQSh armiyasida jangovar xitob qabul qilinmagan. Ularning desantchilari odatda «djeronimo», «dengiz mushuklari» esa - «xuuu» deb o‘z safdoshlarini jangovar ruhiyatini ko‘tarishadi.
Dilmurod TO‘XTAYeV tarjimasi.