Ura! Darslar boshlandi...
Bu 3-sinfda o‘qiydigan qizimning xursandchiligi. Doim uni dars qilishga qiziqmaydi, deb o‘ylardim. Adashgan ekanman. Televizor orqali onlayn darslar boshlanishini eshitib, xursandchiligidan baqirib yubordi.
- Ayajon, ertalab soat 6.00 da uyg‘oting. Dasrga kech qolmay. Tayyorgarlik ham ko‘rishim kerak.
Miyig‘imda kulib qo‘ya qoldim. Lekin chin dildan xursand edim.
Ertalab soat sakkizda uyg‘onib biroz ranjidi. Keyin darsi soat 11.30 da boshlanishini eshitib, kitoblarini tayyorlay boshladi. National Geography Wild telekanali orqali darslar boshlandi. Dastlab birinchi, ikkinchi o‘zbek va rus sinflari uchun bolalarga saboq berildi. Har bir dars oralig‘ida topishmoqlar, videoroliklar namoyish etildi. E’tiborlisi, darslar surdo tarjima yordamida o‘tilayotgani edi. Demak, barcha bolalar e’tiborda. Soat 11.00 da 3-sinflar uchun darslar boshlandi.
Birinchi dars: O‘qish.
O‘qish kitobidan jahon bolalar adabiyoti sahifasini ochdik. Teleo‘qituvchi jahon bolalar adabiyoti rukni ostida Erix Raspe qalamiga mansub “Myunxauzenning boshidan kechirganlari” asaridagi dastlabki “Oyga birinchi sayohat” hikoyasini ifodali o‘qib berdi. Keyin bolajonlar tushunishi qiyinroq bo‘lgan jumlalarga alohida urg‘u qaratdi va mazmunini tushuntirdi.
Uyga vazifa sifatida o‘zbek xalq ertaklari orasida ushbu voqeaga o‘xshash hikoya borligi, hikoyani qayta o‘qish va sarlavha topish yuklatildi.
Ikkinchi dars: Matematika.
Matematika darsida “Bir xil maxrajli kasrlarni qo‘shish” mavzusi o‘qituvchi tomonidan atroflicha misollar bilan tushuntirildi. Bir maxrajli kasrlarning faqatgina surati qo‘shilishi, maxraji o‘zi yozilishi geometrik shakllardan foydalangan holda bolalarga o‘rgatildi. Sinf uchun bajarilishi lozim bo‘lgan misollarni namuna tarzida bir-ikkitasining yechimi ko‘rsatildi. Uyga vazifa belgilanib, unga ham tushuncha berildi.
Qizim bilan e’tibor bilan darslarni eshitdik. So‘ngra bajarishga kirishdik. O‘qituvchi aytganidek, sinf uchun berilgan mashqlarni darhol yechib ko‘rsatdi. Uyga vazifalarni ham birgalikda bajardik. O‘qish kitobidagi hikoyani ifodali o‘qib, qizim “boshlanishi “sholg‘om ertagi”ga o‘xshab ketarkan”, degan xulosaga keldi.
Dars mashg‘ulotlari kutilgandan ajoyib o‘tdi. Buni qizimning yuzidagi mamnuniyatdan, mashqlarni o‘zi bajarganidan, asosiysi mavzuni teleekran orqali ham yaxshi tushunganidan bildim. “Ayajon dars zo‘r o‘tdi-a?”. Bu uning iqrori edi.
Bugungi vaziyat biz, ota-onalardan ham katta mas’uliyatni, farzandlarimizning sifatli ta’lim olishi, ularning kelajagiga har doimgidan ham ko‘proq e’tibor berishimizni talab qiladi. Shuningdek, davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyat va sharoitlardan to‘g‘ri foydalanib, farzandlarimizni dasrlarga o‘z vaqtida jalb qilishimiz, ularning tushunmaganini tushuntirishimiz, qilgan vazifalarini tekshirib, nazorat qilishimiz, bajargan mashqlarini rag‘batlantirishimiz va albatta, yaratilgan imkoniyatlar qadriga yetishimiz lozim.
Nasiba JONTO‘RAYeVA.