Urfmi yoki taqlid?

“So‘z ko‘rki maqol, yuz ko‘rki soqol” - bu purma’no hikmatni hamma yaxshi biladi. Ammo maqol ham, soqol ham o‘rnida bo‘lgandagina gurungni, qiyofani bezaydi. O‘rinsiz maqol davrani sovitadi, yoshga yarashmagan soqol bachkana ko‘rinadi.

Atoqli yozuvchimiz Abdulla Qahhor aytganidek, “pukonidan yel o‘tmagan” ayrim yigitchalarning soqol-mo‘ylov qo‘ygani nimasi? Yangicha urfmi yoki o‘zini “zamonaviy” ko‘rsatmoqchi bo‘lgan, tarbiyasi tob tashlagan kimsalarga taqlidmi?

Har millatning o‘ziga xos, yozilgan-yozilmagan, kimligidan qat’i nazar, hamma rioya etishi shart bo‘lgan qonunlari bor. Muomala madaniyati, axloq-odob, kiyinish, uyda, to‘yda, ko‘cha-ko‘yda, xullas, jamoat orasida o‘zini tutish taomillari shular jumlasidandir.

... Klinikada tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun navbat kutib o‘tiribmiz. Yoshi yigirmadan nari-beri bir yigitcha kirib keldi. Na salom, na alik bor. Basharasini qora soqol-mo‘ylov qoplagan, bo‘ynida tilla zanjir, barmoqlarida uzuk, qora ko‘zoynakni peshonasiga ko‘tarib qo‘ygan, egnida ko‘kragida vahshiyona aralash jang lavhasi aks etgan mayka, tizzaga yetar-yetmas “shortik”. Navbat kutib o‘tirgan yoshu keksalar unga ajablanib qarashdi: “Bu nusxa kim bo‘ldi?”. Xullas, uning ko‘rinishi ham, kiyinishi, o‘zini tutishi ham o‘ta xunuk edi.

Afsuski, keyingi paytlarda ko‘cha-ko‘yda, bozor-o‘char jamoat joylarida bunday “madaniyat” namoyandalariga har kuni ko‘zimiz tushyapti. Bu nima, to‘qlikka sho‘xlikmi yoki milliy urf-odatlarimiz, ma’naviy qadriyatlarimiz, o‘zbekona madaniyatimizga hurmatsizlikmi?

Bunday holatlarda o‘sha kaltafahm yigitchalarni ayblash noto‘g‘ri. Farzand tarbiyasi tamal toshi oilada qo‘yiladi, so‘ngra bog‘cha, maktab, jamiyat faoliyatida takomillashadi. Shunday ekan, avvalo, ota-onalar farzandlarining yaxshi tarbiya topishi uchun ular ongiga axloq-odob, kiyinish, o‘zini tutish madaniyatini singdirib, nazorat qilib borishi lozim.

Tog‘aymurod Shomurodov.