“Urgut siti” uchun 100 gektar yer ajratilgan: Hech kimning uyi o‘rnida emas, ochiq maydonda
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 11 yanvar kuni Samarqand viloyatiga tashrifi davomida viloyat aholisining uy-joyga bo‘lgan ehtiyoji oshib borayotganini hisobga olib, nafaqat Samarqand shahri, balki tumanlarda ham ko‘p qavatli uylar qurish zarurligini ta’kidlagan edi.
Jumladan, viloyatning aholisi eng ko‘p tumani – Urgutda shu yildayoq ko‘p qavatli uylar qurishga kirishish zarurligi qayd etilgandi.
– Ushbu topshiriq asosida ayni paytda tumanning yangi markaziga aylanib borayotgan Mergancha massivida har biri 24 xonadonli 8 ta ko‘p qavatli uy qurilmoqda, – deydi Urgut tumani hokimi o‘rinbosari U.O‘roqov. – Bu xonadonlar uy-joyga ehtiyojmand oilalar uchun ajratiladi. Bundan tashqari, mazkur hudud yaqinidan qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan 103 gektar yer maydoni ajratilib, “Urgut siti” qurilishiga kirishildi. Bu yerda xorijiy qurilish kompaniyasi tomonidan zamonaviy texnologiyalar asosida 12 va 16 qavatli 10 ta uy quriladi. Joriy yilda uchta ana shunday uyni qurishga kirishildi. Yangi aholi turar joy massivida uylar bilan birga savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish ob’yektlari, istirohat bog‘i, ko‘ngilochar maskanlar qad rostlaydi.
Darvoqe, bugungi kunda tumanda mazkur ob’yektlardan boshqa joylarda ham tadbirkorlar, qurilish tashkilotlari tomonidan 5 va 9 qavatli uy-joylar qurilmoqda.