Urgut tumani ma’muriy sudi faoliyati yuzasidan deputatlarga axborot berdi
Xalq deputatlari Urgut tumani Kengashining navbatdagi 8-sessiyasida 18 ta masala ko‘rib chiqildi. Sessiya davomida jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tumani sudi, fuqarolik ishlari bo‘yicha Toyloq tumanlararo sudi va Toyloq tumanlararo iqtisodiy sudlari hamda Urgut tumani ma’muriy sudining 2020 yilning 6 oyi mobaynida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axboroti tinglandi.
Urgut tumani ma’muriy sudi raisi Akmal Alimov axborotida ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlar bo‘yicha sudga jami 936 nafar shaxsga nisbatan 796 ta ma’muriy ish kelib tushganligini qayd etdi.
Sud tomonidan 540 ta shaxsga nisbatan 480 ta ma’muriy ish bo‘yicha jazo qo‘llanilgan. Ulardan 437 ta shaxsga nisbatan 387 ta ish bo‘yicha jarima jazosi, 2 ta shaxsga 2 ta ish bo‘yicha maxsus huquqdan mahrum qilish, 101 ta shaxsga 91 ta ish bo‘yicha ma’muriy qamoq jazolari qo‘llanilgan.
Urgut tumani ma’muriy sudi tomonidan 341 ta shaxsga nisbatan nisbatan 304 ta ish sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqilgan.
Ushbu davrda ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan 41 ta ma’muriy ish ko‘rilgan. Ulardan 31 ta ish qanoatlantirilgan va 5 ta ish qanoatlantirishdan rad qilingan, 5 ta ish tugatilgan. Ushbu ko‘rilgan ishlar toifalari bo‘yicha tahlil qilinganida, ularning 22 tasi ma’muriy organlar mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari va harakatsizligi yuzasidan nizolashish to‘g‘risidagi ishlar, 19 tasi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozishni ro‘yxatga olish rad etilganligi yoxud mansabdor shaxsning harakatlari va harakatsizligi yuzasidan nizolashish to‘g‘risidagi ishlarni tashkil qiladi.
Mazkur toifadagi ishlarni ko‘rish chog‘ida davlat organining yoki boshqa organning, yuridik shaxsning, mansabdor shaxsning yoki fuqaroning faoliyatida qonun hujjatlari buzilganligi aniqlanganligi sababli xususiy ajrimlar chiqarilgan.