Urgut tumani mudofaa ishlari bo‘limi yangi binoga ega bo‘ldi

Bo‘lim homiylik asosida “BIG story” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 6,2 milliard so‘m mablag‘ evaziga bunyod etildi.

E’tiborlisi, yangi bino bir vaqtning o‘zida 220 nafar chaqiriluvchini qabul qilish imkoniyatiga ega.

Yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan o‘zgarishlar har bir sohada tub burilish yasamoqda, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi tuman bo‘limi raisi Farmon Azizov. – Xuddi shunday mudofaa tizimida ham. Tumanimiz mudofaa ishlari bo‘limining zamonaviy binosini ko‘rib ko‘zim quvnadi. Bir muddat muddatli harbiy xizmatga chaqiruv komissiyasining raisi sifatida yigitlarni harbiy xizmatga saralash ishlarida ishtirok etganman. O‘sha davr bilan hozirgisini solishtirib bo‘lmaydi. Bitta kichkina xonaga uch-to‘rt kishi kirib, chaqiriluvchilar suhbatdan o‘tkazilar edi. Bugun esa har bir mutaxassis uchun alohida xona tashkil qilingan. Bu chaqiriluvchilarni har tomonlama chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, sog‘lom va barkamol, jasur yigitlarni saralashga xizmat qiladi.

Bo‘limning tantanali ochilish marosimida Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni Farrux Ziyaboyev, viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov so‘zga chiqib, mudofaa tizimidagi islohotlarga to‘xtaldi, tuman-shahar mudofaa ishlari bo‘limlari faoliyat samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflarini bildirdi.

Alisher Isroilov.