Urgut tumanida yashovchi fuqaro o‘z xohishi bilan “marixuana”ni topshirdi

Urgut tumani Sariqtepa mahallasida yashovchi fuqaro A.R.ning yashash uyiga borilganda, ushbu fuqaro o‘z xohishiga ko‘ra yashash uyi og‘ilxonasidan ikki dona qora rangli sellofan paketlarga o‘ralgan quruq holdagi “marixuana” giyohvandlik moddasiga o‘xshash moddalarni taqdim qilgan va ular xolislar ishtirokida tegishli tartibda hujjatlashtirilib olingan.

Samarqand viloyati IIB ekspert kriminalistika bo‘limining xulosasiga ko‘ra, A.R.dan daliliy ashyo sifatida hujjatlashtirilib olingan o‘simlik moddasi tarkibida faol giyohvand modda “tetragidrokannabinol” mavjud bo‘lib, ushbu moddalar “marixuana” giyohvand moddasi turiga kirishligi va umumiy sof og‘irligi 130,7 grammni tashkil qilishligi ko‘rsatilgan.

IIV Giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurashish boshqarmasi xabar berishicha, holat yuzasidan tuman IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 276-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.