Urgutda 65 yoshli fuqaro qariyb yarim kilogramm "opiy" bilan ushlandi

Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi chegara qo‘shinlari va viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda joriy yilning 11 yanvar kuni narkotik vositalar savdosiga qarshi kurashish yo‘nalishida tezkor tadbir o‘tkazdi.

Tadbir davomida Urgut tumanida yashovchi, 65 yoshli kishi yaqin qarindoshi, 1990 yilda tug‘ilgan fuqaro yordamida uning boshqaruvidagi “Lasetti” avtomashinasida 497,51 gramm “opiy” giyohvand moddasini olib ketayotgani aniqlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu narkotik vositasi Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tilgan.

Mazkur holat bo‘yicha yuqoridagi shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Afsuslanarlisi, otaxon ilgari ham shunday jinoiy qilmishi uchun Jinoyat kodeksining 273-moddasi bilan sudlangan va bundan xulosa chiqarmagan ekan.