Urgutda mast holatda transport vositasini boshqargan mahalla raisiga jazo tayinlandi

Urgut tumani Beshyog‘och MFY raisi lavozimida ishlab kelayotgan M.F. 2017 yil 28 mart kuni jinoyat ishlar bo‘yicha tuman sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 131-moddasi 1-qismi va 135-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan 2 yil 6 oy muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlangan. O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 37-moddasiga asosan M.F. ma’muriy jazoga tortilmagan hisoblansa-da, ushbu sodir etgan huquqbuzarligi uchun jazolanganligidan o‘ziga tegishli xulosa chiqarmasdan, aynan shu turdagi huquqbuzarliklarni yana sodir qilgan.

Joriy yilning 9 yanvar kuni soat 22:35 larda M.F. boshqaruvida bo‘lgan “VAZ-21063” rusumli, 30 G 334 FA davlat raqamli avtomashinada amaldagi “Yo‘l harakati qoidalari”ning 7, 12-bandlari talablarini qo‘pol ravishda buzib, transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlari yonida bo‘lmasdan, spirtli ichimlik iste’mol qilgan, mastlik holatida Urgut va Toyloq tumanlarini birlashtiruvchi A-377 avtomobil yo‘lining 32-kilometrida boshqarib ketayotgan vaqtida Samarqand viloyat IIB YHXB xodimlari tomonidan to‘xtatilib, tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilgan va ushbu fuqaroning transport vositasini mastlik holatida boshqarib kelganligi aniqlangan. Ushbu holat tegishli tartibda hujjatlashtirilgan. 

Tuman ma’muriy sudi tomonidan M.F.ga nisbatan to‘plangan hujjatlar ko‘rib chiqilishi jarayonida, u tomonidan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 183-moddasida (mayda bezorilik) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilinganligi sababli 2019 yil 18 oktyabr kuni tuman ma’muriy sudi tomonidan unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari miqdori jarima jazosi tayinlanganligi aniqlandi.

Ma’muriy sudning 2020 yil 11 may kungi qarori bilan M.F. O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 131-moddasi 1-qismi va 135-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir qilganlikda aybli deb topilib, shu kodeksning 34-moddasiga asosan unga nisbatan 2 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilish, bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari, ya’ni 5.575.000 so‘m jarima jazosi tayinlandi.

Akmal ALIMOV,

Urgut tumani ma’muriy sudi raisi.