Urgutda tadbirkor yoshlarga 6 oyda 11 milliard 499 million so‘m kredit mablag‘i ajratildi. Bu mablag‘ nimalarga sarflandi?
Urgutda tadbirkorlik bo‘yicha boy tajriba to‘plangan. Shuning uchun ham tuman yoshlari orasida ishbilarmon yigit-qizlar ko‘p. Ular shu yo‘l bilan ham o‘zlarining, ham tengdoshlarining bandligini ta’minlashga harakat qilishadi.
- Tumanda 2002 nafar yigit-qiz “Yoshlar daftari”ga kiritilgan, - deydi Urgut tumani hokimining o‘rinbosari J.Haydarov. – Ularning 488 nafari doimiy va jamoat ishlariga joylashtirildi. 449 nafariga tadbirkorlik qilishlari uchun 11 milliard 499 million so‘m kredit mablag‘lari ajratildi. Shuningdek, “Yoshlar: 1+1” dasturi doirasida 387 nafar yigit-qiz tadbirkor va hunarmandlarga biriktirildi va 311 nafari tadbirkorlikka o‘qitilib, sertifikatlar topshirildi. 29 nafariga 65,2 million so‘m miqdorida subsidiya ajratildi. Albatta, yoshlarga yaratilayotgan bunday imkoniyat ularning tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishda muhim omil bo‘lmoqda.
Tadbirkorlik, tomorqachilik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan yoshlarga bank tomonidan zarur yordam ko‘rsatilyapti.
- Bankimiz tomonidan shu yilning o‘tgan davri mobaynida yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 323 nafar yigit-qizga 8,4 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratildi, - deydi “Mikrokreditbank” Urgut filiali bo‘lim boshlig‘i Abduhalim Nuriddinov. – Natijada 400 ga yaqin yoshlar o‘zi istagan yo‘nalishda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Yoshlarga dehqonchilik, parrandachilik, chorvachilik, hunarmandmandchilik faoliyati bilan shug‘ullanishlari uchun ham naqd pul shaklida kreditlar ajratildi.
Tumandagi Gulobod mahallasida yashovchi Ilhom Shodiyev “Marhaboxonim chevarlari” nomli oilaviy korxonasi tashkil etib, mahallasidagi 20 nafar xotin-qizni ish bilan ta’minladi.
- Joriy yil mart oyida bankdan 220 million so‘m kredit olib faoliyatimni boshladim, - deydi yosh tadbirkor. - Hozir korxonamizda xotin-qizlar kiyimlari tayyorlab, bozorga chiqaryapmiz. Kelgusida erkaklar kiyimlari ham tikishni yo‘lga qo‘yib, mahsulotlarimizni xorijga eksport qilishni rejalashtiryapmiz.
Andak mahallasida istiqomat qiluvchi Rahimjon Boymurodov “Mikrokreditbank” Urgut filialidan 29 million so‘mlik imtiyozli kredit olib, tuman markazida sartaroshxona ochdi.
- Qo‘limda hunarim bor, ammo sartaroshxona ochishga mablag‘im yo‘q edi, - deydi R.Boymurodov. – Mahallamizda o‘tkazilgan targ‘ibot tadbirlaridan birida bank xodimlari tomonidan berilgan ko‘rsatmalarga asosan tavakkal qilib ishga kirishdim. Natija yomon bo‘lmadi, sartaroshxona ochganimga hali bir yil bo‘lmasa-da, faoliyatimni kengaytirib, 4 kishini ish bilan ta’minladim. Shuningdek, tengdoshlarimga sartaroshlikni o‘rgatib, shogirdlar tayyorlayapman.
Fazliddin Ro‘ziboyev.